“Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab”: loyiha natijalari maʼlum qilindi

00:26 21 Avgust 2022 Jamiyat
433 0

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon banki hamkorligida bir necha yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi tadqiqoti natijalariga bagʻishlangan navbatdagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari, Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov loyihaning asosiy maqsadlariga toʻxtalib oʻtdi.

– Loyiha Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini tadqiq qilish, uning natijalari asosida kelgusida yanada sifatli va aniq manzilga yoʻnaltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilishni taʼminlashga hamda tegishli choralarni amalga oshirishga xizmat qiladi, — dedi E.Tulyakov. – Shu boisdan, mazkur loyiha doirasida deyarli har chorakda bir marotaba tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib boriladi. Bu esa, mintaqamizda yuz berayotgan bugungi iqtisodiy vaziyatning Oʻzbekistonga ijtimoiy va iqtisodiy taʼsiri orqali roʻy berishi mumkin boʻlgan inflyatsiya surʼatlari hamda narx-navo oshishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ehtiyojmand aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kabi masalalarni hal etishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, davra suhbati avvalida Byuuk Biritaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tim Torlot mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi. Jumladan, T. Torlot ushbu loyiha pandemiya davrida hukumat koʻrgan chora-tadbirlar qanday natija berishini kuzatish, hozirda esa, dunyoda yuz berayotgan oʻzgarishlarning Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, energetika kabi yoʻnalishlarga boʻladigan taʼsirini oʻrganib borish imkonini berayotganligini eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, Jahon bankining katta iqtisodchisi Uilyam Sayts tadqiqot natijalarining ayrim jihatlari haqida soʻz yuritdi.

– Oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga nisbatan aholining fikrini oʻrganish maqsadida tanlangan 200 ta mahalladagi 4000 ta uy xoʻjaligida soʻrovnomalar, mahallalar raislari hamda ekspertlar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ijtimoiy himoya boʻyicha maʼlumotlar toʻplandi, dedi Uilyam Sayts. Eʼtiborli jihati shundaki, tadqiqotda ishtirok etgan aksariyat respondentlarning dastlabki yillarga nisbatan fikri oʻzgargan. Ayniqsa, soʻnggi ikki yilda ular hukumat tomonidan ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal etish maqsadida olib borilayotgan islohotlarni toʻgʻri, deb hisoblashmoqda.

Shu oʻrinda aytish kerakki, oxirgi paytlarda dunyoda roʻy berayotgan voqealarning ham Oʻzbekistonga salbiy taʼsirlari taxmin qilingan edi. Misol uchun, qaytib kelgan migrantlarning ish bilan taʼminlanishi yoki ularning pul oʻtkazmalaridagi oʻzgarishlar. Ammo, Oʻzbekiton mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan turgʻin va barqaror rivojlanayotganligi hisobiga koʻpchilik aholi tomonidan bildirilgan yuqoridagi kabi xovotirlar ijobiy tomonga oʻzgardi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, bugun islohotlar nafaqat joylarda aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalarida, balki aholi tomonidan bildirilayotgan ijobiy munosabatlarda ham sezilmoqda.

Oʻz navbatida, Jahon bankining ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha katta mutaxassisi Robert Vrobel oʻz maʼruzasida mahalla darajasidagi rivojlanish dinamikalariga toʻxtalib oʻtdi.

– Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida mahallalar rolini oshirish, islohotlar jarayonida mahalla raislari ishtirokini kengaytirishga oid bir qator vazifalar belgilangan, – R.Vrobel. – Jumladan, may oyida boʻlib oʻtgan mahalla raislari saylovlaridan keyin koʻpchilik mahallalarga yangi boshqaruv tajribasiga ega boʻlgan raislar saylanib, ularning roʻyxati yangilandi.

Ular bilan bir qator mahalliy dasturlarni amalga oshirilish boʻyicha soʻrovlar oʻtkazdik. Misol uchun, ularning mahalliy darajadagi muammolarni hal etishdagi oʻrni, qanday toʻsiqlarga duch kelishmoqda, kabi savollar shular jumlasidan. Taʼkidlash kerakki, mahallalarda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlovchi vakillar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi yoshlarni tadbirkorlarga biriktirish, xotin-qizlar muammolarini hal etish, mahlliy darajadagi loyihalarning bajarilishida ijobiy natija bermoqda. Bu esa, koʻrsatilayotgan ijtimoiy himoyaning sifatli ekanligiga dalolatdir.

Shuningdek, tadbirda aholini ijtimoiy himoya qilish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, departament direktori oʻrinbosari Sobir Xayitmurodovning ham fikrlari tinglandi.

S.Xayitmurodov oʻz maʼruzasida 2022-yil boshida 1,4 mln. oilaga moddiy yordam va bolalar nafaqasi tayinlangan boʻlsa, 1-avgust holatiga bu koʻrsatkich 1,9 mln. oilaga yetganligini maʼlum qildi. Shu bilan birga, “Temir daftar”ga kiritilgan aholi bandligini taʼminlash uchun ularga takroriy ekin ekishlari uchun yer maydonlari ajratib berilganligi, munosib haqqa ega boʻlgan ish oʻrinlarida ishlashlari uchun kasblarga oʻqitilayotganligi aytib oʻtdi. Pirovardida, 2026-yilga borib mamlakatda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish maqsad qilinganligi taʼkidlandi.

Jumladan, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, loyiha rahbarining oʻrinbosari, guruh rahbari Elnora-xan Yakubova tomonidan 2017-2021-yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonning barcha hududlarida yalpi hududiy mahsulotlarni yetishtirish koʻrsatgichlarining ortganligi, jumladan ushbu koʻrsatkichlar sanoat va qurilish sohalarida yaqqol koʻzga tashlanganligini eʼtirof etdi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasining iqtisodiy yoʻnalishida belgilangan maqsadlari doirasida ham iqtisodiy oʻsishning ekstensiv yoʻlidan intensiv yoʻliga oʻtish rejalashtirilgan. Bu esa, 2026-yilga borib YAIM oʻsishini 7 foizga yetkazish imkoni beradi, – dedi E.Yakubova.

Shuningdek, uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti Davron Bekchanovning “Hududlarni iqtisodiy rivojlantirish va barqarorligini taʼminlashda mahalliy davlat organlari va mahallalarning oʻrni”, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, bosh mutaxassisi Umidjon Sharapovning “Oʻzbekistonda davlat korxonalarining transformatsiyasi va taqsimlanishining taʼsiri”, hamda Jahon bankining xaridlar boʻyicha katta mutaxassisi Nurbek Kurmanaliyev va Moliya vazirligi, boshqarma boshligʻi Sarvar Nazarovlarning “Davlat xaridlari va hududiy taraqqiyot: mahalliy byudjet xarajatlarida shaffoflik va haqqoniylikni taʼminlanishining mahalliy iqtisodiyotga taʼsiri” kabi mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Davra suhbati yakunida ekspertlar tomonidan loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini tadqiq etishdan iborat ekanligiga alohida urgʻu berildi. Shuningdek, tadqiqot natijalari asosida bugungi kunda aholining turmush darajasini oshirish bilan bogʻliq dolzarb mavzular doirasida olib borilgan tadqiqot natijalari maʼlum qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?