Oʻzbekiston fuqarolari xorijda pulsiz qolgan payt davlat byudjetidan qarz beriladi

05:06 13 Aprel 2021 Jamiyat
755 0

Hukumat qarori bilan “Oʻzbekiston fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, konsullik okrugi hududiga vaqtincha kirgan fuqaro yashash uchun mablagʻlarsiz qolganda, muassasaga moliyaviy yordam soʻrab murojaat qilishi mumkin.

Konsullik okrugi – xorijdagi muassasa ish olib boradigan hudud, u bir nechta davlat hududini oʻz ichiga olishi mumkin.

Muassasa 2 ish kunida fuqarodan ariza va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, arizadagi keltirilgan asoslar toʻgʻriligini tekshiradi, uning xorijda boʻlish sharoitlarini aniqlaydi (safar maqsadi, viza, yashash sharoiti).

Hujjatlarni oʻrganish asosida moliyaviy yordam koʻrsatishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va uni Tashqi ishlar vazirligiga tasdiqlash uchun yuboradi.

Vazirlik 1 ish kunida fuqaroga yordam koʻrsatishga oid hujjatlarni va xulosani koʻrib chiqadi hamda moliyaviy yordam koʻrsatish yoki rad etish toʻgʻrisida xat yuboradi.

Xat olganidan soʻng 1 ish kunida muassasa fuqaro bilan qarz shartnomasini tuzadi. Oziq-ovqat mahsulotlari, turar joy, kiyim-kechak va transport xarajatlari uchun toʻlov oʻtkazadi.

Ariza rad qilinganda konsullik mansabdor shaxsi ariza beruvchiga rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi.

Qarz olgan fuqaro 30 kunda respublika byudjetiga qarzni qaytaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?