Oʻzbekiston delegatsiyasi MAGATE bosh konferensiyasida ishtirok etdi
MAGATE Bosh konferensiyasining 64-sessiyasi Avstriya poytaxtida oʻz ishini yakunladi. Bu galgi tadbir gibrid formatda – delegatlarning bevosita ishtiroki va videomurojaatlar shaklida oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlik bosh direktori Rafael Mariano Grossi oʻzining qutlov bayonotida MAGATE koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatga qaramay, mamlakatlarga yadroviy texnologiyalardan tinch foydalanishda yordam berish ishlarini davom ettirganini taʼkidladi. U MAGATE koronavirusga qarshi kurashda 123 mamlakatga yordam koʻrsatganini alohida qayd etdi. Bosh direktor, shuningdek, aʼzo davlatlarni ZIDIAK nomli zoonoz virusli kasalliklarga qarshi kurashda MAGATE loyihasini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Yalpi majlislarda boʻlib oʻtgan muhokamalarda 134 ta delegatsiya rahbarlari, jumladan, bitta mamlakat bosh vaziri va boshqa davlatlarning 41 ta vaziri ishtirok etib, mavjud va potensial yangi yadroviy texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda MAGATEning yetakchi rolini eʼtirof etdi.
Anjumanda Oʻzbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov va Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashdi.
Videokonferensiyada soʻz olgan A.Sultonov ishtirokchilarga respublikamizning MAGATE bilan yadro fanining turli sohalarida oʻrnatilgan hamkorlik muvaffaqiyati va mamlakat yadro energiyasi infratuzilmasini rivojlantirishga doir hamkorlikni jadallashtirish haqida maʼlumot berdi. Xususan, Agentlik tomonidan Oʻzbekistonga koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda yordam koʻrsatilgan. Taʼkidlanishicha, respublikaning uchta yetakchi tibbiyot muassasasi – virusologiya instituti, veterinariya instituti, shuningdek, sanitariya-epidemiologik nazorat laboratoriyasiga COVID-19 virusini aniqlash uchun umumiy qiymati 405 ming yevroni tashkil etuvchi test tizmi toʻplamlari yuborilgan.
Maʼruzada Oʻzbekiston tashkilotlari va MAGATE texnik hamkorlik departamenti oʻrtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik haqida soʻzlandi. Birgina joriy yilning oʻzida Samarqand davlat universiteti oʻzining oʻquv laboratoriyalari uchun asbob-uskunalar, Endokrinologiya institutiga esa murakkab kasalliklar diagnostikasi uchun zamonaviy spektrometr yetkazib berildi.
Anjuman davomida Namangan onkologiya markazini qariyb 450 ming yevroga teng asbob-uskunalar bilan taʼminlashga qaror qilingani maʼlum qilindi.
Bosh anjuman davomida MAGATE va ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikka bagʻishlangan koʻplab tadbirlar uyushtirildi.
“Xotin-qizlar hayotini saqlab qolish” mavzusidagi tadbir MAGATE va Islom taraqqiyot bankining rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayollarga saraton tashxisi va davolashga kirishni oshirishga qaratilgan tashabbusiga bagʻishlandi. Unda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari darajasida ishtirok etildi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlashda erishilgan yutuqlarga, mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda MAGATE va ITBning roliga alohida urgʻu berildi.
Oʻzbekistonda yadro energiyasi infratuzilmasini rivojlantirishga bagʻishlangan videokonferensiyada Oʻzbekiston energetika vazirining birinchi oʻrinbosari va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisining muovini qatnashdi. Mutaxassislar 2020-yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan MAGATE ekspert missiyasini tayyorlashning ustuvor vazifalarini muhokama qildi.
“Yadro materiallarini hisobga olish va nazorat qilish tizimlarini mustahkamlash” mavzusidagi tadbirda yadro materiallarini hisobga olish va nazorat qilish boʻyicha davlat tizimlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan MAGATEning yangi tashabbusi taqdim etildi. MAGATE bosh direktori muovini, Kafolatlar departamentining direktori Massimo Aparo mamlakat tartibga solish organini mustahkamlash uchun birgalikda tashkil etiladigan ishlarda qatnashishga birinchi davlatlar qatorida boʻlishga rozi boʻlgani uchun Oʻzbekistonga alohida minnatdorlik bildirdi. U, ayniqsa, joriy yilning sentyabr oyida MAGATE inspektorlarining Oʻzbekistonga missiyasini muvaffaqiyatli tashkil etilishiga imkon yaratgan Oʻzbekistonning Venadagi elchixonasi va tartibga solish organining saʼy-harakatlarini qayd etdi.
Turli mamlakatlardan 130 dan ortiq vakil ishtirok etgan “Tadqiqot reaktorlarining oʻrni va ahamiyati” nomli tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining yadro fizikasi instituti mutaxassislarining taqdimoti birinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Taqdimot davomida institutning tadqiqot reaktorini xavfsiz ishlatishdagi muvaffaqiyati va radioaktiv izotoplar ishlab chiqarishdagi yetakchi pozitsiyasi qayd etildi.
MAGATE bosh konferensiyasining yakuniy sessiyasida Agentlik yadro energiyasidan tinch foydalanishni ragʻbatlantirish, yadro inshootlarini ishlatishda xavfsizlikni taʼminlash va yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda oʻz mavqeini saqlab qolishda davom etayotgani qayd etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring