Oʻzbekiston delegatsiyasi “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumida ishtirok etdi

13:15 26 Noyabr 2020 Siyosat
661 0

2020-yil 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahrida boʻlib oʻtgan “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” 13-hamkorlik forumida ishtirok etdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirlari pandemiya sharoitida mamlakatlarning barqarorligi va izchil rivojlanishini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlarini hamda koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashning istiqbollarini muhokama qildi.

Oʻzbekiston TIV rahbari oʻz nutqida oʻzaro ishonch va yaqin hamkorlikka asoslangan adolatli global tizimni shakllantirish orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikdagi kurashni, davolash usullarini takomillashtirish hamda yangi epidemiologik-sanitar standartlar va qoidalarni joriy etish boʻyicha axborot almashishni davom ettirishning zarurligini qayd etdi. Aholi salomatligini himoya qilish va iqtisodiyotning ishlashi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashning muhimligi taʼkidlandi.

Forum qatnashchilariga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish borasidagi tashabbusining konseptual ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari davlat idoralari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy hayotning boshqa sohalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishning dolzarbligini alohida taʼkidladi.

Tadbir ishtirokchilari eʼtibori iqlim oʻzgarishining Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganiga ham qaratildi. Shu nuqtayi nazardan Orol dengizi qurishining ekologik oqibatlari, Orolboʻyi aholisiga xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻmak koʻrsatilishining mexanizmlari tahlil qilindi.

Forum yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?