Oʻzbekiston bobo haqida eshitganmisiz?

21:17 13 Aprel 2021 Jamiyat
2269 0

Guliston shahridagi 12-maktab direktori oʻzini tanishtirdi: «Alimardonova Malika Oʻzbekistonovna». Demak, otasining oti Oʻzbekiston. Xoʻsh, ismi Vatan nomida boʻlgan bu kishi kim edi?

— Boʻriboy bobom Mirzachoʻlni yoppasiga oʻzlashtirishdan avval Guliston tumaniga,hozir biz avlodlari yashayotgan mahallaga koʻchib kelgan, — deydi Malika Alimardonova. — U vaqtlari bu yerlar yaydoq boʻlgan. Bobom va ular bilan birga mehnat qilganlarning fidoyiligi tufayli keyinchalik choʻl oʻrni boʻstonga aylangan. Bobom koʻp yillar brigadirlik qilgan. Rahmatli otam u kishining uchinchi farzandi, 1949-yilda tugʻilgan. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va yana bir necha oliy oʻquv yurtlarida oʻqigan. Mahallamizdagi yirik parrandachilik fabrikasida iqtisodchi, Yangiyerdagi ana shunday xoʻjalikda esa direktor boʻlib ishlagan.

Malika Alimardonovaning aytishicha, Boʻriboy boboning toʻngʻich farzandi Rustam ham Moskva davlat universitetida taʼlim olgan. Ikkinchi oʻgʻlining oti esa Doston. Kenjasiga Ulugʻbek deb ism qoʻygan. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, barcha ismlar oʻzbekona, tarix va millat yuzini aks ettirgan otlar. Bu mustabid tuzum davrida ham Oʻzbekistonimizni ulugʻlagan oddiy bir dehqonning oʻz Vataniga boʻlgan mehr-muhabbatining ifodasidir.

Ha, darvoqe Boʻriboy bobo nabiralaridan biriga Guliston deb ham ism qoʻygan, Mirzachoʻl bagʻrida qad koʻtargan koʻrkam shahar sharafiga. Guliston Oʻzbekiston oʻgʻli hozir oʻqituvchilik qilmoqda. Aytish lozimki, Boʻriboy bobo avlodlarining aksariyati el-yurt ishida fidoyi insonlar, oliy maʼlumotli mutaxassislardir. «Bobomning «Men ketmonchi boʻlib oʻtayotgan boʻlsam, sizlarning qoʻlingizda qalamu kitob boʻlsin» degan nasihatlari u kishining barcha avlodlari uchun umr maqsadiga aylangan» deydi nafaqat Guliston shahri, balki viloyat va respublika miqyosida ham namunali boʻlgan maktabga rahbarlik qilayotgan Malika Alimardonova.

Sariq belbogʻ sohibi Oʻzbekistonov Baxtiyor Otabekovich

... Yaqinda karate boʻyicha respublika musobaqasida Oʻzbekiston boboning nabirasi, 4-sinf oʻquvchisi Baxtiyor ikkinchi oʻrinni egalladi, gʻoliblarni eʼlon qilish asnosida «Baxtiyor Oʻzbekistonov» degan ism-familiya oʻzgacha viqorli va ulugʻvor jarangladi. Niyat shuki, bu nom jahon maydonlaridagi “Oʻzbekiston” soʻzi yonida ham baralla yangrasin, yaʼni «Baxtiyor Oʻzbekistonov. Oʻzbekistooon!» deya. Soʻngra butun dunyo lol qolsin, jahonda Vatanga boʻlgan muhabbatini ismga jo qilgan xalq borligidan!

Va shunisi aniqki, hali yer yuzida oʻz mamlakati nomini bu qadar ardoqlagan oddiy bir dehqon ham qayd etilmagan, Boʻriboy akadek.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?