Oʻzbekiston “ArMI — 2021” armiya xalqaro oʻyinlarida ishtirok etadi

12:36 19 May 2021 Jamiyat
335 0

Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi huquqiy asoslar har tomonlama takomillashtirildi. Bu qoʻshinlar tarkibiy tuzilishining tubdan oʻzgartirilishi, milliy armiyamizni jahon andozalari asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Natijada harbiy qism va muassasalarning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib,  qoʻshinlarimizning jangovar shayligi ortdi, milliy armiyamiz salohiyati yuksalib boryapti.

Xususan, harbiy okruglar hududlarida xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan poligonlar foydalanishga topshirilmoqda. Bu ham yangi marralar sari eshik ochmoqda. Bu nafaqat harbiy xizmatchilarning kundalik tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli tashkil etishga, balki nufuzli tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatini ham bermoqda. Shuningdek, jangovar tayyorgarlik boʻyicha amaliy oʻquv mashgʻulotlarida amaliyotda oʻzini oqlagan tayyorgarlik usullari joriy etilyapti.

Bugun Milliy matbuot markazida tashkil etilgan tadbirda shular haqida soʻz bordi.

Qayd etilishicha, mazkur islohotlar sharofati bilan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari dunyo armiyalari kuch-qudrati namoyon boʻladigan “ArMI” Armiya xalqaro oʻyinlarida munosib ishtirok etib kelmoqda.

Chunonchi, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 16 ta yoʻnalishdagi musobaqalarda ishtirok etib, 14 ta sovrinli oʻrinni egalladi va yakunda 32 ta davlat oʻrtasida faxrli 3-oʻringa sazovor boʻldi. Musobaqalar davomida 37 ta rekord oʻrnatilib, ulardan 9 tasini jamoamiz aʼzolari qayd etishdi. Musobaqalarda jami 3 ta 1-oʻrin (“Sodiq doʻst”, “Yoʻl patruli”, “Harbiy-tibbiy estafeta” ), 8 ta 2-oʻrin (“Xavfsiz marshrut”, «Elbruss halqasi», “Otliq marafon”, “Qurolsoz usta”, “Qoʻshinlar razvedka aʼlochisi”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Merganlar marrasi”, “Harbiy ralli”), 3 ta 3-oʻrin (“Dala oshxonasi”, “Xavfsiz muhit”, «Avtozirhli texnika ustasi») qoʻlga kiritildi. Vaholonki, 2019-yildagi oʻyinlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 14 ta yoʻnalish musobaqasida ishtirok etib, 11 ta sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan edi.

“ArMI — 2021” armiya xalqaro oʻyinlarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi 24 ta yoʻnalishdagi musobaqalarda qatnashishi rejalashtirilgan. Jumladan, ularning 2 tasi (“Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” musobaqalari) Oʻzbekistonda (Jizzax viloyatidagi “Forish” togʻ dala oʻquv maydonida), 10 tasi( «Elbruss halqasi», «Avtozirhli texnika ustasi», “Qoʻshinlar razvedka aʼlochisi”, “Armiya madaniyati”, “Xavfsiz marshrut”, «Muhandis formulasi», “Tank biatloni”, “Desant vzvodi”, “Armiya taktik oʻqchisi”, «Sayan yurishi») Rossiya Federatsiyasida, 3 tasi(“Professional mergan”, “Ishonchli qabul”, “Qutb yulduzi”) Belarus Respublikasida, 2 tasi (“Musaffo osmon”, “Xavfsiz muhit”) Xitoy Xalq Respublikasida, 2 tasi (“Harbiy ralli”, “Otliq marafon”) Moʻgʻulistonda hamda Jazoir(“Sodiq doʻst”), Qozogʻiston Respublikasi (“Artilleriya olovi ustasi”), Vyetnam (“Merganlar marrasi”), Eron(“Qurolsoz usta”) va Qatar davlatida (“Yoʻl patruli”) bittadan bellashuvlar boʻlib oʻtadi.

Shuningdek, mazkur yilda 8 ta (“Ishonchli qabul”, “Desantchi vzvodi”, “Armiya madaniyati”, “Qutb yulduzi”, «Muhandis formulasi», “Armiya taktik oʻqchisi”, “Professional mergan”, «Sayan yurishi») musobaqalarda yurtimiz jamoalarining ilk marotaba qatnashishi koʻzda tutilgan. Taʼkidlash lozimki, shu yilning 14-16-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasining shimoliy oʻlkasi «Yergakiy» togʻ markazida Rossiya, XXR, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston  kabi mamlakatlar jamoalari ishtirokida boʻlib oʻtgan “ArMI” armiya xalqaro oʻyinlarining «Sayan yurishi» musobaqasida yurtimiz jamoasi faxrli III oʻringa sazovor boʻlib qaytdi.

Erishilayotgan yutuqlarning oʻsish dinamikasi mamlakatimizda boshqa sohalar qatori yurtimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash yoʻlidagi yuksak marralar sari dadil odimlar tashlanayotganini anglatadi.

Bu esa oʻz navbatida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar shayligi va mudofaa qobiliyatini yuksaltirishga, pirovardida tinchligimiz va barqarorligimizni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari «ArMI — 2021” Armiya xalqaro oʻyinlarida ishtirok etish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda» mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida Armiya xalqaro oʻyinlarining sovrindorlari, Mudofaa vazirligining soha yoʻnalishlari boʻyicha masʼul bosh boshqarmalari boshliqlari, Respublika axborot agentliklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Hasan PAYDOYEV(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?