Oʻzbekiston AQSH shtatlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

02:17 22 Noyabr 2021 Siyosat
404 0

Foto: "Xalq so‘zi"

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov AQSHning xalqaro munosabatlarni mustahkamlash sohasidagi eng yirik nodavlat notijorat tashkiloti “World Affairs Councils of America” (WACA) aʼzolari bilan uchrashdi.

Oʻzbekistonning Vashingtondagi diplomatik vakolatxonasi tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilinishicha, tadbirda Indiana, Kaliforniya, Kentukki, Kolorado, Missuri, Pensilvaniya, Texas va Florida kabi shtatlardan tashkilotning mintaqaviy rahbarlari ishtirok etgan.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.

Muloqotda Amerika tomoni tashkil etilgan Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlari oʻrtasida uzluksiz aloqani taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga katta qiziqish bildirdi.

WACA vakillarining alohida eʼtibori mamlakatimiz tashqi siyosati va iqtisodiy diplomatiyasining mazmun-mohiyatiga qaratildi. Oʻzbekiston bugun diplomatik faoliyat markazi ekanligi, uning mintaqaviy siyosati va yangilangan tashqi siyosati tinchlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qilayotgani, shuningdek, aniq siyosiy realizm va pragmatizmni namoyon etishi taʼkidlandi.

Uchrashuvda WACA aʼzolari uchun Oʻzbekiston tarixi va madaniy merosining batafsil taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda xalq amaliy buyumlari va anʼanaviy sanʼat namunalari, jumladan, oʻzbek hunarmandlarining ijod namunalari, turli milliy liboslar, gazlamalar, kulolchilik buyumlari namoyish etildi.

Mehmonlar Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish va uning infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizning boy tarixi haqida ham batafsil maʼlumot oldi. Shuningdek, WACA vakillari oʻzbek milliy taomlari – anʼanaviy bayram palovi, somsa va turli noz-neʼmatlardan tatib koʻrdilar.

Mamlakatimiz madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Amerika nodavlat notijorat tashkiloti vakillariga Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi koʻmagida chop etilgan “Oʻzbekiston – Sharq gavhari” kitoblari topshirildi.

Tadbir yakunida 2022-yilda Oʻzbekistonning ijobiy imijini targʻib qilish maqsadida Indiana, Kaliforniya, Kentukki, Kolorado, Missuri, Pensilvaniya, Texas va Florida shtatlarida siyosiy, diplomatik va ishbilarmon doiralar vakillari, yetakchi taʼlim muassasalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar va taqdimot tadbirlari etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

WACA mintaqaviy boʻlinmalari rahbarlari nafaqat amerikalik tadbirkorlar, balki AQSHning yetakchi taʼlim muassasalari orasida ham sheriklar topish orqali ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

WACA 1986-yilda tashkil etilgan. U Qoʻshma Shtatlardagi eng yirik notijorat xalqaro ishlar tashkiloti.

WACA xalqaro almashinuvlar, maktab dasturlari, oʻqituvchilar uchun seminarlar, tashqi siyosat muhokamalari, milliy soʻrovlar, sayohat dasturlari, yoshlar uchun dasturlar, konferensiyalar va korporativ dasturlarga homiylik qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?