Oʻzbekiston aholisining atigi 1 foizi donor sifatida qon topshirmoqda

18:53 14 Iyun 2024 Jamiyat
582 0

14-iyun – Xalqaro donorlar kuni

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Jamiki tabiatning hayot manbai suv boʻlsa, qon bu – inson tirikligining asosidir. Maʼlumotlarga koʻra, har kuni dunyo boʻyicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli ogʻir tan jarohati olgan va murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi.

2005-yil Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi turli mintaqa davlatlari sogʻliqni saqlash vazirliklarini ixtiyoriy ravishda qon topshirish toʻgʻrisidagi takliflarini oʻrganib, maxsus rezolyutsiya qabul qildi. Unga muvofiq, avstraliyalik vrach immunolog, odam qon guruhlarini aniqlagan, Nobel mukofoti laureati Karl Landshdeynerning tugʻilgan kuni sharafiga “14-iyun — Xalqaro donorlik kuni “ deb eʼlon qilindi.

Hukumatimizning tegishli qarorlari asosida muassasamizga 2022-2023-yillar davomida 6 milliard 299 million soʻmdan ortiqroq mablagʻga zarur tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi, deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qon quyish stansiyasi Donorlar boʻlimi boshligʻi Jadira Gabbarova. — Oʻtgan yil davomida 25 ming 13 nafar donordan 12 ming 718 litr konservantsiz qon tayyorlandi. Joriy yilning dastlabki, 5 oyida esa, 11 mingdan ortiq donor qon topshirib, 4907,7 litr qon tayyorlandi.

Qoraqalpogʻistondagi bemorlarni albumin qon preparati bilan taʼminlash maqsadida 2015-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika qon quyish markaziga qayta ishlash uchun qon yuborilib, albuminlar olib kelinishi yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida 512 litr plazma topshirilib, qayta ishlab olingan albumin preparatlari talabnoma asosida zarur boʻlgan bemorlarga berilmoqda.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, markazimiz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Birinchi navbatda, donorlik rivojlanmasa, qon xavfsizligiga erishish qiyin ekanligi isbotlangan haqiqat.

Butun dunyo olimlari qon oʻrnini bosuvchi sunʼiy preparatlarni ishlab chiqarish uchun tinimsiz tadqiqotlar olib borishiga qaramay, hozirgi kungacha shoshilinch holatlarda bemorlar hayotini saqlab qolishda, davolashda donor qoni oʻrnini hech bir sunʼiy preparat bosa olmayapti.

Keyingi yillarda respublikamizda begʻaraz donorlar soni nisbatan koʻpaygan boʻlsa hamki, qon xavfsizligiga erishish muammoligicha qolmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koʻrsatmasi boʻyicha har bir davlatda umumiy aholi sonining 3 foizi donor boʻlganidagina qonga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirish mumkin boʻladi. Afsuski, bu koʻrsatkich respublikamizda 1 foizni tashkil qilib, donorlar sonini oshirishimiz zarur boʻlmoqda.

Men topshirgan maʼlum grammdagi qon kimningdir hayotini saqlab qolsa, shuni oʻzi ulkan mukofot, deydi kegeylilik faxriy donor Mambetniyaz ogʻa Qurbanov. — Mana qirq yildan oshibdiki, donorlik qilib kelaman.

Bugun 14-iyun Xalqaro donorlik kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika qon quyish stansiyasida “20 yillik quvonch, rahmat sizlarga qon donorlari” shiori ostida tantanali tadbir oʻtkazildi.

Tantanali tadbirda koʻp yillardan buyon begʻaraz qon topshirib kelayotgan donorlar Pulatbay Xojakov, Zokirjon Urazbayev, Mambetniyaz Qurbanov, Baxodir Saburovlarga “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, donorlarga samarali xizmat koʻrsatib kelayotgan bir guruh tibbiyot xodimlariga ham “Tashakkurnoma”lar topshirildi.

Biror yaqiningizga qon kerak boʻlib, shoshilinch izlab koʻrganmisiz? Shunday vaziyatga tushganlar begʻaraz donorlik qiladigan insonlarning qanchalik ezgu ishga hissa qoʻshayotganini yurakdan his qiladi.

Mutaxassislarning maʼlumoticha, tegishli talablarga javob beradigan sogʻlom insonlar har 2-3 oyda bir marta donorlik qilishlari mumkin. Muhimi, inson tanasi olingan qonni tezda oʻrnini toʻldirish imkoniyatiga ega. Qon topshirgan kishida salomatlik aslo yomonlashmaydi, aksincha, tana yangi qon ishlab chiqarishi evaziga yengillashadi. Shuning uchun donor boʻlishdan choʻchimang!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер