Oʻzbekiston Afgʻonistonga kislorod ballonlaridan iborat gumanitar yukni yetkazib berdi

22:09 11 Iyun 2021 Siyosat
657 0

2021-yilning 11-iyun kuni Afgʻonistonning Hayraton shahrida afgʻon tomoniga 1000 dona kislorod ballonlaridan iborat gumanitar yukni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu insonparvarlik yordami pandemiyaning uchinchi toʻlqini bilan duch kelgan qardosh Afgʻoniston hukumatining murojaatiga binoan amalga oshirildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda soʻzga chiqqan Afgʻoniston vakillari Oʻzbekiston Prezidentiga koʻrsatayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston hukumatining favqulodda gumanitar yordam koʻrsatish haqidagi iltimosiga javob bergan birinchi rahbar boʻlganini alohida qayd etdilar.

Balx viloyati gubernatori Farhod Azimiy Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilayotgan yordam Afgʻoniston xalqiga chinakam birodarlik munosabatining yorqin namunasi ekanligini taʼkidladi.

Balx viloyat kengashi raisi Muhammad Hadidning aytishicha, Oʻzbekiston Prezidenti butun dunyoga oʻzbek xalqining afgʻon xalqi bilan nafaqat pandemiyani yengish, balki Afgʻoniston zaminiga uzoq kutilgan tinchlik va osoyishtalikni olib kelish borasida niyati birligini namoyish etdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev oʻz nutqida oziq-ovqat va dori-darmonlar Afgʻonistonga pandemiyaga qaramay uzluksiz ravishda Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasi orqali yetkazib berilayotganligini aytdi. Oʻzbekiston qoʻshni davlatga har tomonlama koʻmak berishda davom etishga tayyor.

Eslatib oʻtamiz, 2021-yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy koʻmagi ostida afgʻonistonlik shifokorlarning Oʻzbekistondagi klinikalarda pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha mamlakatimiz tajribasi bilan tanishishlari uchun oʻquvlar tashkil etilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?