Oʻzbekiston aeroportlarida mustaqil oʻzini roʻyxatdan oʻtkazish Self Check-In tizimi joriy etilmoqda

12:38 01 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
647 0

Respublikadagi barcha xalqaro aeroportlarga bosqichma-bosqich yoʻlovchilarning mustaqil oʻzini roʻyxatdan oʻtkazish Self Check-In zamonaviy tizimi joriy qilinmoqda deya xabar bermoqda Oʻzbekiston havo yoʻllari matbuot xizmati.

Bu tizim havo transporti kommunikatsiyalari va axborot texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi - SITA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, shu kunlarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 4 ta shunday kiosklar oʻrnatildi.

Oʻzini oʻzi roʻyxatdan oʻtkazish Self Check-In xizmati orqali yoʻlovchilarning roʻyxatdan tez va oson oʻtishlari taʼminlanadi. Samolyotning istalgan oʻrindigʻidan joyni band etish va bir vaqtning oʻzida joylashish haqidagi talonni ham olish mumkin. Sayohatga otlanganlar yuklarini kioskdan mustaqil roʻyxatdan oʻtkazib, parvozdan avval ularni tegishli xizmatlarga topshirish imkoniyatlari mavjud.

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati Toshkent xalqaro aeroportiga muntazam parvozlarini amalga oshirayotgan barcha aviakompaniyalarga Self Check-In kioskalariga ulanish, xizmatdan samarali foydalanish taklifini kiritgan. Pandemiya cheklovlari tufayli hozir bu kiosk xizmatlaridan faqatgina “Turkish Airlines” aviakompaniyasi yoʻlovchilari foydalanmoqda.

Shuningdek, xabarga koʻra “Uzbekistan Airports” AJ va Toshkent xalqaro aeroporti hozirda SITA kompaniyasi bilan yoʻlovchilarning yuklarini ham avtomatik roʻyxatdan oʻtkazish Self BagDrop tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib boryapti. Rejaga koʻra, bu amaliyot tizimli ravishda Oʻzbekistondagi 11 ta xalqaro aeroportlarning hammasiga tadbiq etiladi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?