“Oʻzbekgidroenergo” AJ: Aholini ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash — asosiy maqsad

19:39 23 Iyun 2023 Jamiyat
524 0

Bugun, 23-iyun kuni “Toʻpolang GES” unitar korxonasiga tashkillashtirilgan press-tur doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov OAV vakillari bilan muloqot oʻtkazdi.

Press-turda mamlakatimizning nufuzli va yetakchi OAV vakillari, xorijiy OAVning Oʻzbekistondagi vakilligi xodimlari – jami 40 ga yaqin jurnalist va blogerlar faol ishtirok etmoqda.

Jonli va qiziqarli kechgan muloqot davomida Boshqaruv raisi tomonidan “Toʻpolang GES” UK faoliyati, undagi inson omilisiz boshqariluvchi zamonaviy texnologiyalar, GESda oʻrnatilgan “aqlli boshqaruv tizimi”ga doir maʼlumotlar, Toʻpolang suv ombori tarixi hamda undagi suv hajmi, bosqichma-bosqich suv omborini hajmini oshirib borish, suv ombori xavfsizligini taʼminlash borasidagi ilgʻor tizimlarni oʻrnatish, Toʻpolang gidrouzeli, Toʻpolang daryosi suvidan unumli va samarali foydalanish maqsadida barpo etilgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik GESlari, rejalashtirilgan yangi investitsiyaviy loyihalar (Zarchob-3 kichik GES va Yuqori Toʻpolang GESlari), GESlardagi elektr energiya ishlab chiqarish faoliyati, tizim tashkilot va korxonalarining faoliyati haqida axborotlar berildi.

Shu bilan birga, Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli faoliyat, istiqbolli loyihalar, qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan gidroenergetik loyihalar (xususan, Yavan GES qurilishi loyihasi), tobora eʼtibor kuchayib borayotgan “yashil” energetika haqida ham batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga Boshqaruv raisi tomonidan toʻliq va batafsil javoblar berildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda yangi istiqbolli loyiha asosida 16 MVt boʻlgan “Zarchob-3” GES qurilishi boʻyicha dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda Toʻpolang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyihalar asosida quvvati 264 MVt boʻlgan Yuqori Toʻpolang GESlari quriladi.

Ushbu jarayonda esa Jamiyat tomonidan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida jami 55 ta loyiha asosida jami quvvati 25,8 MVt boʻlgan loyihalar ishga tushiriladi. Shundan 2023-yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 MVt boʻlgan yangi loyihalar ishga tushirilib, aholiga toza elektr elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu borada, Jamiyat tomonidan quvvati 9,1 MVt boʻlgan 5 ta loyiha ishga tushirilishi, xususiy sektor tomonidan yangi 3ta loyiha – quvvati 1 MVt boʻlgan mikro GESlar ishga tushiriladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 582 mln m3 tabiiy gazni iqtisod qilinishiga erishiladi. Shuningdek, 1560 ta yangi ish oʻrinlari yaratilib, 850 000 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

Surxondaryodagi Toʻpolang suv ombori Sariosiyo togʻlaridan oqib tushgan suvlarni bir joyga toʻplash natijasida vujudga kelgan. Oʻziga xos tabiati va baland togʻlar qurshovidagi ushbu katta gidroinshoot bu yerda yashovchi aholi uchun eng zarur manba hisoblanadi. Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sugʻorilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Toʻpolang suv omborining sigʻimi 500 mln m3 ga teng.

Prezidentimizning 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Toʻpolang suv omboridan ichimlik suvi tarmogʻi tortish boʻyicha koʻrsatmalariga muvofiq, hozirgi kunda viloyatning 11 ta tumanida amaliy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu juda murakkab loyiha boʻlib, dastavval Toʻpolang suv omborining quyi qismida bosimni soʻndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari qurilmoqda. Toʻpolang suv omboridan olingan suv avval asosiy inshootga quyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi.

Loyihaga koʻra, Toʻpolang suv ombori tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar boʻlishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha yakunida 11 mingdan ortiq xonadonda yashovchi 44 ming nafardan ziyod insonlarni ilk marta ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keladi. 18 ming 805 xonadonda yashayotgan 75 mingdan ziyod kishining bu boradagi taʼminoti tubdan yaxshilanadi. Natijada viloyat aholisini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 70 foizdan oshadi. Qolaversa, 945 ta xonadon yoki 4 mingga yaqin aholining oqova suv quvuri tizimiga ulanishiga imkon yaratiladi.

Press-tur davomida Jamiyat Boshqaruvi raisi bilan oʻtkazilgan jonli muloqot jurnalist va blogerlar uchun mamlakatimiz gidroenergetika sohasi bilan yaqindan toʻlaqonli tanishish, joriy va istiqbolli loyihalar, hamkorlik loyihalari haqida yetarlicha maʼlumot olish, amaliy ishlab chiqarish faoliyatining oʻziga xos jihatlarini oʻrganish, asosiy koʻrsatkichlar, tahliliy maʼlumotlarni olishga xizmat qildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, xalqimiz xonadonlaridagi yorugʻlik manbai barqarorligini, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash jarayoniga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishi shubhasiz.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan qurilayotgan yangi GESlar, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar, amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar jonajon Vatanimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga, xalqimiz turmush farovonligining oshishiga muhim hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер