“Oʻzbekgidroenergo” AJ 5 yoshga toʻldi

02:06 18 May 2022 Jamiyat
535 0

Bugun, 18-may sanasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil topganiga 5 yil toʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi PF-5044-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan “Oʻzbekgidroenergo” AJ 5 yillik qisqa davr mobaynida mamlakatimiz gidroenergetika tarmogʻini yanada rivojlantirishda, qayta tiklanuvchi energiya manbai hajmini oshirishda qator muhim yutuqlarga erishdi.

Alohida eʼtirof etish lozimki, Jamiyat tomonidan qator investitsiyaviy loyihalar asosida mamlakatimiz boʻylab keng koʻlamli gidrotexnik inshootlar qurilishi va modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida Jamiyat faoliyati xalqaro darajada ham eʼtirof etildi. Xususan, 2020-yilda “Oʻzbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining “B+” (barqaror) reytingini qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2021-yilda Jamiyat reytingi “BB-” (barqaror) darajasiga koʻtarildi.

Bu borada “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Oʻzbekgidroenergo” AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy holatini oʻrgandi, balki uning korporativ boshqaruv tizimini, biznes strategiyasini, ichki normativ hujjatlarining yuritilishi va boshqa yoʻnalishlarni chuqur oʻrganib, tahlil qildi. Jamiyatda faoliyat yuritayotgan minglab ishchi-xodimlarning mehnati samarasi va reyting agentligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar, chuqur tahlillar hamda korxonalar faoliyatining odil baholanishi natijasida “Oʻzbekgidroenergo” AJ respublikada ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan boʻlib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “BB-” darajasini qoʻlga kiritdi.

Shu bilan birga, dunyoning ilgʻor konsalting kompaniyalari jalb qilindi. Jumladan, moliya sohasiga “Pricewaterhousecoopers”, raqamli transformatsiya boʻyicha Rossiyaning “X-Holdings”, korporativ boshqaruv va investitsiya dasturini qayta koʻrib chiqish uchun “McKinsey & Company” korxonalari bilan hamkorlik oʻrnatilib, Jamiyatni rivojlantirish boʻyicha zaruriy maslahat va tavsiyalar olindi.

Soʻnggi 5 yil mobaynida bir qator yirik investitsiyaviy loyihalar hayotga izchil tatbiq etildi. Gidroenergetika sohasida yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar asosida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.

Jamiyat tomonidan yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Turkiya, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi qator davlatlar bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish borasida izchil hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

2017 — 2021-yillarda Jamiyat tomonidan avvalgi mavjud 36 ta GES yangidan qurilgan yirik, oʻrta hamda mikro GESlar hisobiga 50 taga yetkazilib, mamlakatimizning umumiy gidroenergetik quvvati qariyb 2 052,7 MVt ni tashkil etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?