Oʻzbek-turkman doʻstligining sohir kuychisi

17:12 16 Mart 2023 Jamiyat
512 0

Foto: Xalq so‘zi

Tarixi va madaniyati chambarchas bogʻlangan, milliy qadriyatlari oʻzaro tutash oʻzbek va turkman xalqlari ming yillar davomida yonma-yon yashab kelmoqda. Taqdiri bir boʻlgan ushbu xalqlar orasidagi doʻstlik aloqalari, ijtimoiy munosabatlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Yaʼni bu ikki xalq asrlar mobaynida bir daryodan suv ichib, birga dehqonchilik qilib kelgan, taraqqiyot davrlarini ham, zulmu istibdod zamonlarini ham birgalikda boshidan kechirgan, ogʻir kunlarda ham, toʻy-hashamlarda ham bir-biriga suyangan, bir-biridan madad olgan. Birining gʻalabasi, quvonchi ikkinchisining shodligiga zamin yasagan. Ayniqsa, ikki xalq oʻrtasidagi adabiy aloqalar teran tarixiy ildizlarga ega.

Oʻlmas asarlari bilan jahon adabiyotining oltin xazinasidan oʻrin olib, umumbashariy maʼnaviyatga salmoqli hissa qoʻshgan qalam sohiblari asrlar osha insoniyatning buyuk daholari sifatida qadrlanib keladi. Oʻzbek adabiyotida Navoiy, fors-tojik tilida ijod etgan Firdavsiy, ozar xalqi uchun Nizomiy, olmonlar uchun Gyote, inglizlarda Shekspir, fransuzlarda Moler va boshqa xalqlar adabiyotining mumtoz vakillari shular jumlasidandir. Ushbu daholar orasida maʼrifiy sheʼriyatning buyuk dargʻalaridan boʻlgan turkman xalqining suyukli shoiri Maxtumquli (Firogʻiy) ham munosib oʻrin tutadi. Alisher Navoiy asarlarini turkman kitobxonlari sevib mutolaa qilganlaridek, oʻzbek xalqining maʼnaviy xazinasida turkman adabiyoti asoschisi Maxtumquli asarlarining alohida oʻrni bor.

Turkman mumtoz adabiyotining ulugʻ vakili Maxtumqulining uch yil Xivadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil olishi ikki xalq oʻrtasidagi adabiy aloqalarning rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. Bola baxshi, Komiljon Otaniyozov, Ortiq Otajonov, Qalandar Normatov kabi oʻzbek musiqa sanʼati dargʻalari oʻz repertuarlarini shakllantirishda doimo Maxtumquli sheʼriyatiga murojaat qilib kelishgan.

2024-yili buyuk turkman shoiri Maxtumquli tavalludiga 300 yil toʻladi. Shu munosabat bilan Xorazm viloyatida «Maxtumquli Firogʻiy –oʻzbek-turkman doʻstligi koʻprigi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Turkmanistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi va turkman milliy madaniyat markazi hamkorligida tashkil qilingan tadbirda Oʻzbekistonlik va Turkmanistonlik ijodkorlar, olimlar ishtirok etdi.

— Oʻzbek va turkman xalqlarining sevimli shoiri Firogʻiy oʻzining sheʼrlarida ikki xalq doʻstligini baralla tarannum etgan, — deydi olima Tozagul Tajimammedova. — Shoirning quyidagi misralarida bu yaqqol ifodasini topgan:

Ayting, Firogʻiyning ikki eli bor,

Biri Atrak boʻlsa, biri Xorazm.

Ayting, Firogʻiyning ikki koʻzi bor,

Biri oʻzbek boʻlsa - biri turkmanim.

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida qadimiy Xivada Maxtumquli tahsil olgan Shergʻozixon madrasasini borib koʻrdik, Urganch tumani hududida 1650-1680-yillarda barpo etilgan va turkmanlar istiqomat qilgan «Ulli hovli» tarixiy majmuasi bilan tanishdik. «Oʻzbek –Turkman» doʻstlik uyi oldida qad koʻtargan Maxtumquli haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, ulugʻ mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirdik. Anjuman davomida oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan Firogʻiyning boy ijodiy merosini oʻrganish borasidagi tadqiqotlar natijalari bilan oʻrtoqlashdik, kelgusi rejalar yuzasidan fikr almashdik.

— Turkman xalqining ulugʻ faylasuf shoiri Firogʻiyning ijodi meni doim oʻziga maftun etib kelgan, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Turmanistonning «Maxtumquli Firogʻiy» medali sohibi Qurbon Muhammadrizo. — Shoir hayoti va ijodi boʻyicha koʻp yillik izlanishlarim natijasida «Maxtumquli» tarixiy musiqali dramasini yozdim va bu asar Xorazm viloyat musiqali drama teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Keyinchalik Firogʻiyning hayoti va asarlarini yanada chuqurroq oʻrganish, bu yoʻnalishdagi izlanishlar samarasi oʻlaroq «Maxtumquli» romanim chop qilindi. Maxtumquli xalqlar doʻstligi mavzusini sheʼrlaridagina kuylab qolmasdan, balki butun umri davomida shu gʻoyaning amalga oshishi yoʻlida kurashgan. Shoir tavalludining 300-yilligi oldidan oʻtkazilayotgan ushbu anjuman adabiy aloqalarning rivojlanishiga, xalqlar doʻstligining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Odilbek ODAMBOYEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?