Oʻzbek tili ham rasmiy til maqomiga ega, lekin...

21:52 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
389 0

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan 21-oktyabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “Oʻzbek tilining raqamli lingvistik resursini yaratish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga moʻljallangan saylovoldi Dasturida oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yana-da oshirish, mamlakatimiz va xorijda tilimizni keng targʻib etish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab olingan. Shuningdek, dasturda oliy qadriyatimiz sanalgan tilimizning huquqiy asoslarini takomillashtirish birlamchi vazifa ekani qayd etilgan.

Ayni paytgacha mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar hamda partiya faollari saʼy-harakati bilan ushbu yoʻnalishda doimiy komissiyalarga 70 ta taklif, xalq deputatlari Kengashi sessiyalariga 65 ta masala kiritildi. Joylarda esa 78 nafar mansabdor shaxsning hisoboti eshitildi, olib borilgan tahlillar natijasida 222 ta deputatlik soʻrovi yuborildi. Eng muhimi, oʻrganishlar davomida partiya aʼzolari tomonidan 1334 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, ularni joyida bartaraf etishga erishildi.

Tadbirda qayd etilganidek, shu kunlarda tilimizni rivojlantirish, uning sofligini saqlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad parlament quyi palatasida muhokama etilayotgan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning mukammalligiga erishishdir. Partiya tashabbusi bilan oktyabr oyining oxirigacha har bir hududda Oʻzbek tili markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Taʼkidlash joiz, yaqinda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi yangi Qonun loyihasini hamda til toʻgʻrisidagi yangi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qiluvchi Komissiya faoliyatini qayta tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov shular haqida gapirar ekan, dunyoda olti mingga yaqin tillar boʻlsa, ularning ikki yuztasigina rasmiy til maqomiga egaligini taʼkidladi.

– Ular orasida Oʻzbek tilining borligi xalqimiz uchun eng katta baxtdir, – dedi fraksiya rahbari A.Qodirov. – Lekin tilimizning maqomini yana-da oshirishga boʻlgan eʼtibor ancha susayib ketdi va bu rivojlanayotgan Oʻzbekistonning ham siyosiy, ham strategik manfaatlariga umuman toʻgʻri kelmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdugʻaffor Qirgʻizboyev ham soʻzga chiqib, departament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.

Shundan soʻng www.xatosizyoz.uz saytini hamda “Kompyuter lingvistikasi” darslik kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi va bu oʻzbek tilining rivoji yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamlar ekani taʼkidlandi.

Tadbir doirasida tilshunos olimlar, taniqli pedagog va til boʻyicha ekspertlar, siyosatshunos hamda professor-oʻqituvchilar shoʻbalarga boʻlingan holda oʻzbek tilining raqamli lingvistik resursini yaratish istiqbollari, oʻzbek tilini oʻrgatish muammolari, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etishdagi oʻzaro hamkorlik, davlat tili sofligini saqlash hamda ilmiy atamalar tarjimasini muvofiqlashtirish yoʻnalishlariga doir maqola va maʼruzalari bilan qatnashdilar.

Konferensiya yakunida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan tayyorlangan, 21-oktyabr — “Oʻzbek tili bayrami kuni”ga bagʻishlangan film taqdim etildi. Tadbirda ishtirokchi hamkorlarga partiyaning qimmatbaho va esdalik sovgʻalar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?