Oʻzbek olimining Uchinchi Renessans haqidagi maqolasi AQSHda chop etildi

11:52 19 Iyul 2021 Jamiyat
321 0

Bugun Oʻzbekistondagi tub oʻzgarishlarga nisbatan jahon hamjamiyatining qiziqishi har qachongidan ham kuchli.

Eʼtiborlisi, nafaqat xorijlik ekspertlar, ishbilarmonlar, davlat mutasaddilari, jurnalistlar mamlakatimizdagi yangilanishlar haqida mass-media va ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrlarini bildirishyapti, turfa materiallar va intervyular berishmoqda, balki mahalliy matbuotimiz va internet nashrlarini diqqat bilan kuzatib, taqdim etilayotgan maʼlumotlar bilan tanishib boryapti, hatto taniqli ommaviy axborot vositalari Yangi Oʻzbekistondagi soʻnggi islohotlar mazmun-mohiyati chuqur ochib berilgan maqolalarni oʻzlarida koʻchirib bosishmoqda. Bu tendensiya dunyoda yurtimizga nisbatan maʼnaviy-maʼrifiy intilish ortib borayotgani tasdigʻi boʻlishi bilan bir qatorida Prezident Shavkat Mirziyoyevning progressiv gʻoyalarini global miqyosda ommalashtirishga xizmat qilyapti.

Quvonarlisi, mazkur ezgu maqsadlar yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar jarayonida “Xalq soʻzi” gazetasi va uning rasmiy sayti — www.xs..uz ham faol ishtirok etmoqda.

Gap shundaki, Samarqand davlat universiteti professori, akademik Bakriddin Zaripovning bosma va elektron nashrimizda yaqinda berilgan “Uchinchi Renessans poydevori insonparvarlik va ilm-fan asosiga tiklanmoqda” maqolasi AQSHning taniqli “Medium” xalqaro internet nashrida tomonidan ingliz tiliga oʻgirilib, qayta bosildi.

Bu Amerikada ham Yangi Oʻzbekistonning dadil qadamlari katta qiziqish bilan kuzatib borilayotganining yana bir tasdigʻidir.

Maqola davlat rahbarining Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasidan olingan quyidagi iqtibos bilan boshlanadi:

“Bugungi kunda koʻp millatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida belini ­mahkam bogʻlab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda ulkan ­orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir”.

Unda mamlakatimizda soʻnggi yillarda ilm-fan va taʼlim sohasidagi tub islohotlar mazmun-mohiyati keng ochib berilgan. Xususan, bular Oʻzbekiston hududida roʻy bergan buyuk ikki Renessans ildizidan suv ichayotgani, maʼrifatparvarlik qadriyatlari bilan chambarchas bogʻlanib ketgani taʼkidlab oʻtilgan.

Tahlilda Oʻzbekistonda keyingi uch yilda oliy ­taʼlim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetgani, qabul oʻrinlari 66 ming­tadan 181 mingtaga oshgani, demak, har yili yuz mingdan ziyod yoshlar eng yorugʻ orzusi — oʻqish istagiga erishishiga ­zamin yaratilayotganiga alohida toʻxtalib oʻtilgan.

"Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda jahon afkor ommasi dunyo siyosatida yangi bir toʻlqinni koʻrayotganini eʼtirof etishmoqda. Bu toʻlqinni harakatga keltirayotgan kuch esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan mamlakatning yangi taraqqiyot yoʻlidir.

Bu — biqiq iqtisodiyotdan shaffoflikka oʻtgan, dunyoga keng quloch ochgan, har bir qadamida odamlar manfaatini ustuvor qoʻygan oʻziga xos taraqqiyot yoʻlidir. Taʼbir joiz boʻlsa, uni beshta “I” — integratsiya, innovatsiya, inson kapitali, ishonch va iqtisodiy oʻsishga asoslangan taraqqiyot formulasi, deb atash mumkin.

Bugungi kunda ushbu tamoyillarni bir nuqtada birlashtirgan yangilanishlarga hayotimizning koʻplab jabhalarida guvoh boʻlyapmiz. Masalan, klasterlar faoliyati bunga yaqqol misoldir. ­Shavkat Mirziyoyev­ tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotimizga tatbiq etilayotgan klasterlar faoliyatining samaralari xususida uzoq yozish mumkin. Ammo hozir uning birgina jihati, aynan ilm ahliga bergan afzalligini aytib oʻtmoqchimiz. Bu millat bolalari va ularning ustozlari ­paxta dalalaridan qaytarib olinishida muhim rol oʻynadi" deb yozadi nashr.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu maʼnaviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur” degan daʼvati boshqalar uchun ham ibrat boʻlsa ajab emas.

Muallif bugun yangi Oʻzbekiston tarixiga yozilayotgan zarhal harflar xorijlik olimlar nigohidan ham chetda emasligi haqida toʻxtalar ekan, yaqinda AQSHning Nyu-York shtatida yashaydigan olim, biologiya fanlari doktori, professor, akademik ­Efroim Gurman bilan ayni shu mavzuda suhbatlashib qolgani haqida toʻxtalib oʻtadi:

“Olim shunday dedi: ”Prezident Shavkat ­Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi boʻlib “Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak”, ­degan ulugʻ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi. Ayniqsa, uning uchinchi Renessans gʻoyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm ­bilan boshqarish mumkin boʻlgan zamonda shunday gʻoyalargina ­qudratli kuch kasb eta oladi".

Binobarin, bugun globallashayotgan zamonda makon tushunchasi torayib bormoqda. Dunyoning narigi burchagida axborotni lahza oʻtmay bu nuqtasida koʻrish mumkin. Ammo shunisi muhimki, Vatan va uning istiqboli haqida qarashlar hech qachon toraygan emas.

Darhaqiqat shunday. Zero, Oʻzbekistonda kelajak taʼlim va ilmu fanda koʻrilayotgani, uchinchi Re­nessans gʻoyasi milliy gʻoya darajasiga koʻtarilgani, zamonaviy dunyoga yuzlanish hamda dunyo bilan tenglashmoq istagida ana shu Vatan va millat tuygʻusining yana bir jilvalanishini koʻrish mumkin.

Akademik Bakridin Zaripov fikrlarini shu taqlid mantiqiy davom ettirar, shunday hayotiy xulosaga keladi:

"Bu tuygʻu xalqimizning qonida joʻsh urib turgan maʼrifatga tashnalik va oʻsha olis oʻtmishdagi buyuk Uygʻonish nasimlarining sogʻinchi bilan mushtarakdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yana yangi tamaddun bilan boʻylamoqqa bu xalq ming bora haqlidir.

Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi boʻlib xizmat qiluvchi bugungi buyuk gʻoyalarda ana shunday ulugʻ maqsadlar mujassamdir".

Shunday qilib AQSH auditoriyasi uchun Yangi Oʻzbekiston haqidagi yana bir qiziqarli tahlil taqdim etildi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?