Oʻz yurtimda mehnat qilib kam boʻlmayapman
Foto: “Xalq soʻzi”
Jomboy tumanidagi Nayman mahallasida yashayman. Hozirda malina yetishtirish bilan bandman. Yiliga 100 million soʻmdan ziyod daromad qilyapman. Bunga osonlikcha erishganim yoʻq. 2015-yilda maktabini bitirib, oʻqishni kollejda davom ettirdim. Ammo kollejda oʻqiyapman, deb uch yil vaqtim behuda ketdi. Yakunda na oliy oʻquv yurti talabasi boʻldim, na mutaxassisligim boʻyicha ishga joylashdim.
Ish izlab xorijga ketdim. U yoqdayam birim ikki boʻlmadi. Ming bir qiyinchiliklarni koʻrdim. Shunda otam Oʻzbekistonga qaytishimni, bir sotix yerda malina yetishtirib, bir mavsumda 10 million soʻmgacha daromad qilayotganini aytdi. Agar men bir gektar yerda malina parvarishlasam, yiliga kamida 100 million soʻm topishim mumkinligini qoʻshimcha qildi.
Uyga qaytib, otam boshlagan ishini davom ettirdim. Birinchi yili tomorqamizda oʻzimni sinab koʻrdim va boʻsh vaqtimda oliy oʻquv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik koʻrdim. Natija yomon emas, ham tomorqada mehnat qilib 10 million soʻm daromad qildim, ham Samarqand davlat universitetiga toʻlov shartnoma asosida oʻqishga qabul qilindim.
Malina serdaromad ekin ekan. Mehr bilan parvarish qilsangiz gektaridan 4 tonnagacha hosil olsa boʻladi. Bu kamida 20-150 million soʻm degani. Buni men 1 gektar yerda shu ekinni ekib, tajribadan oʻtkazdim. 2-3 yil ichida malinazorni 3 gektarga yetkazdim. Foydasidan oʻqish xarajatlarim qoplanyapti. Aytmoqchi, mashina va uy ham sotib oldim.
Endi yoshlarga nasihatim shuki, bilim olish va boʻsh vaqtlarida tomorqadan unumli foydalanishni qancha erta boshlasa shuncha yaxshi. Lekin qoʻlida hunari boʻlmagan yigit xorijga chiqishni xayoliga ham keltirmasin ekan. Buni men koʻrdim, bu azobni dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Endi hayotga kirib kelgan yigit-qizlarga malina yetishtirish sirlarini oʻrgatyapman. Quvonarlisi, oʻndan ziyod ishsiz qishloq bolalari bandligini taʼminladim. Oʻz yurting, oʻlan toʻshaging, deganlaridek, jonajon yurtda ishlab, elga naf keltirishdan ortiq baxt yoʻq.
Shahzod Nurillayev,
Jomboy tumani.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring