Oʻz otasini oq qilgan oʻgʻil. U kim edi?

00:10 16 Yanvar 2021 Jamiyat
1170 0

Sarlavhani oʻqib «Farzandini oq qilgan otalar haqida eshitganmiz, ammo bunaqasini..”, deya taajjublanishingiz tayin. Chindan ham hayotda oʻz bolasini oq qilgan otalar oz boʻlsa-da uchraydi. Lekin yaqin oʻtmishimizga nazar tashlasak, afsuski, oʻgʻilning oʻz padari buzrukvorini oq qilgan holga ham duch kelamiz.

Gap Buxoroning soʻnggi amiri Sayyid Olimxon haqida bormoqda.

Bilasiz, shoʻro bosqini natijasida 1920-yilda Buxoroda amirlik tuzumi agʻdarildi. Amir Olimxon Afgʻonistondan boshpana topdi, muhojirlikda yashadi. Oʻzi bilan xorijga borganlardan tashqari, xotinlari va qarindoshlarining 64 nafari Buxoroda qolib ketdi. Ular orasida uch oʻgʻli ham bor edi.

Rahimxon, Sultonmurod va Shohmurod ismli bu yigitchalarga bolsheviklar avvaliga ziyon yetkazishmadi. Buning oʻziga yarasha sabablari ham bor, albatta. Amir Olimxon shoʻrolar tuzumiga tish- tirnogʻi bilan qarshi ekan, uni har tomonlama mahv etishda oʻgʻillaridan qurol sifatida foydalanish mumkin edi.

— Amirning bu uchala farzandi dastlab Moskvadagi Buxoro maorif uyida tahsil olishgan, — deydi Buxoro shahridagi Sitorai Moxi Xossa muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Shoʻro rahbarlari Rahimxon va Sultonmurodni matbuot orqali oʻz otalariga qarshi chiqishlarini tashkil qilishga koʻp urinib koʻrishgan. Ammo bu natija bermagan.

Voqealar rivojidan oʻzib aytish lozimki, bu ikki yigitning taqdiri gʻoyat ayanchli yakun topdi. Sayyid Olimxon farzandlarining Afgʻonistonga kelishlarini xohlardi. Shu boisdan Afgʻonistonning Moskvadagi elchisi Muhammad Azizxonga maktub yoʻllab, shu masalada yordam soʻraydi. Elchi Moskvada Rahimxon bilan uchrashib, suhbatlashadi. Oʻz navbatida Rahimxon tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilib, otasining huzuriga ketishga ruxsat olmoqchi boʻladi. Hatto elchixona xodimlari orqali otasi bilan yozishmalar qiladi. Lekin harakatlari zoye ketadi. Oxir-oqibat xorijdagi qora niyatli kuchlar bilan aloqa bogʻlaganlikda ayblanib, xalq dushmani sifatida otib tashlanadi.

General Shohmurod Olimov

Qarang, Stalin qatagʻoni xalqimizning ertasi oyday ravshan boʻlishini yurak-yurakdan istagan Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat, Choʻlpon kabi jadidu maʼrifatparvarlar tugul Amir Olimxonning zigʻircha aybi boʻlmagan farzandini ham ayab turmagan.

Amirning toʻngʻich oʻgʻli Sultonmurod tugʻma nogiron edi. Bir oyogʻi falaj boʻlgan bu yigit nogironligiga qaramay, Moskvadagi korxonalardan birida ishlaydi. Ingliz tilini oʻrganadi. Uning ham birdan bir orzusi otasi, yor-birodarlari bilan diydorlashish edi. Ammo u ham shoʻro dushmanining oʻgʻli, degan ayb bilan qamoqqa olinadi. Ayrim manbalarda, Sultonmurodning bu bedodlikka qarshi ochlik eʼlon qilgani aytiladi. Oxiri u ham jon taslim qilib, bu xoʻrliklardan qutildi.

Kenja oʻgʻil Shohmurodning taqdiri esa boshqacha kechdi.1922-yilda Buxoro Xalq Respublikasi mutasaddilari uni bir guruh yoshlar qatorida Germaniyaga oʻqishga joʻnatishadi. Mafkuraviy qarashlardan kelib chiqib, unga «Olimov Shoh Murotovich», ayrim manbalarda aytilishicha, “Shohmurod Olimxonov”, deb yangi ism-sharif berishadi.Tabiiyki, u Germaniyada nemis tilini mukammal oʻzlashtiradi.Harbiy soha kadri boʻlmoqni niyat qiladi.

— Shohmurod 1929-yilda «Izvestiya»gazetasida “Buxoro amirining oʻgʻi otasiga shunday deydi” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qiladi, — deydi N. Jumayeva. — Bu chiqishida u insoniyat tarixida birinchi bor oʻgʻil oʻz otasini oshkora oq qilganini aytadi. Baʼzi tarixchilar matbuotdagi bu chiqishiga NKVD xodimlarining qoʻli bor, degan farazni ilgari surishadi. Nima boʻlganida ham bu maqola oʻrtadagi qon-qarindoshlik rishtalarini uzib tashladi. Ota-oʻgʻilga uchrashish nasib etmadi.

Shundan soʻng Shohmurod harbiy bilim yurtlaridan biriga oʻqishga kirdi. Keyin esa Moskvada harbiy-muhandislik akademiyasida tahsil oldi. Ikkinchi jahon urushida fashistlarga qarshi mardonavor kurashdi. Orden va medallar bilan taqdirlandi. 1944-yilda ogʻir yarador boʻldi. Bir oyogʻidan ajraldi. Urushdan keyin oʻzi tahsil olgan akademiyada faoliyat yuritdi. General darajasiga koʻtarildi. Suronli yillarda qatagʻonga uchramay, boshi omon qolishida otasini oq qilgani haqidagi oʻsha maqola hal qiluvchi rol oʻynagan boʻlsa ajab emas.

Shaxsiy hayotiga kelsak, u oila qurgan. Turmush oʻrtogʻining ism-sharifi ayrim manbalarda Lidiya Mixaylovna deya qayd etilgan. Bir qizi boʻlgan. Aytishlaricha, yaqin tanishlari bilan oʻtirganida bir oz ichgach, ota-onasini eslab yigʻlar ekan.

— Shohmurodning onasi Muharramoyimga ham oson boʻlmagan, albatta, — deydi N. Jumayeva. — Afgʻonistondagi Fotu qalʼasida yashayotgan paytlarida u Moskvada oʻqiyotgan oʻgʻli Shohmurod bilan diydorlashish uchun ruxsat soʻrab, Qobuldagi shoʻro elchixonasiga koʻp bor murojaat qilgan. Ammo onaizorning iltijolari qumga singgan suvdek izsiz ketdi.

General Shohmurod Olimov Moskvada vafot etdi.Ayrim manbalarda oʻlimi sanasi oʻtgan asrning 70-yillari, baʼzi manbalarda esa 1985-yil, deya koʻrsatilgan.

Aytish lozimki, Buxoroning soʻnggi amiri Sayyid Olimxondan koʻp zurriyod qolgan. Biz koʻrib chiqqan manbalarning birida 1998-yil holatida uning 12 oʻgʻli va 10 qizi turli davlatlarda umrguzaronlik qilayotgani aytilgan. Ayni damda Turkiya, Eron, AQSH, Kanada, Saudiya Arabistoni va Yevropa davlatlarida amir sulolasining taxminan 500 nafar vakili bor.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?