Oʻttiz yillik tanaffusdan soʻng terim mashinalari Oʻrtachoʻlda

11:17 11 Sentyabr 2024 Jamiyat
98 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy viloyatining unumdor yer va mavjud suv resurslari hududning beshta tumanidagina paxta ziroatchiligi bilan shugʻullanish imkonini beradi. Shulardan biri Qiziltepa tumanining Oʻrtachoʻl massivida paxtachilik oʻsimlik vegetatsiyasidan tortib, terimigacha dehqondan omilkorlikni talab etardi.

— Sababi Oʻrtachoʻl oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida oʻzlashtirilgan va barcha qumliklarga xos injiqliklarga ega, — deydi hududda “Valiobod” fermer xoʻjaligini yuritayotgan Raʼno Valiyeva. — Aholi kamligi sabab terim davrida ham madaniy hududlardan terimchi jalb etishga toʻgʻri kelardi.

Oʻttiz yildan koʻproq vaqtlik tanaffusdan soʻng Oʻrtachoʻl paxtazorlariga yana terim mashinalari tushirilib, Navoiy viloyatida mavsumga rasman start berildi. Shu munosabat bilan fermer xoʻjaligining dala shiyponida mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazishga bagʻishlangan amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Unda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli tarzda yigʻishtirib olish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Seminarda shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi, hududning qishloq xoʻjaligi salohiyatini koʻrsatuvchi – yilqichilik, qoramolchilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi sohalar mahsulotlari namoyish etildi.

Shundan soʻng qiziltepalik fermerlar tomonidan xarid qilingan 10 ta terim kombaynlari paxta dalalariga tushirilib, koʻp oʻtmay “Paxta-2024” mavsumining dastlabki hosili mashina bunkerlaridan toʻqildi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, joriy yilda Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan 238ta fermer xoʻjaliklarining 7100 gektar yerlarida paxta yetishtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер