Oʻttiz yillik faoliyat tahlil qilindi

14:48 02 Avgust 2022 Jamiyat
265 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon shahrida “Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi: izlanish, natija va rejalar” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Yurtimiz boburshunos olimlari bilan bir qatorda Eron, Turkiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Kanada va Hindiston davlatlaridan ham mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda xalqaro jamoat fondi tomonidan oʻtgan oʻttiz yil davomida olib borilgan ishlar tahlil qilindi.

— Fond qoshidagi ilmiy-ekspeditsiya tarkibida qirqqa yaqin xalqaro safarlarda boʻldik, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Qamchibek Kenja. — Afrika qitʼasidan Hindixitoy yarim oroli, Yevropa-Amerika davlatlarigacha salkam 420 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib oʻtildi. Vatanimizda tugʻilib, keyinchalik taqdir taqozosi bilan xorijda yashagan, jahon ilmi va adabiyotining tamal toshini qoʻygan oʻndan ziyod ulugʻ ajdodlarimizning soʻnggi manzillari ziyorat qilindi va ularning holati oʻrganildi. Afgʻon yurtida qarovsiz qolib, deyarli xarobaga aylangan mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod kabi buyuklarimiz qabr-maqbaralari sharqona loyihalar asosida, bugungi kun talabi darajasida obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirildi. Mingdan ziyod noyob kitob va nodir qoʻlyozma asarlari Andijonga olib kelindi va hozirda ular “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanmoqda.

Bugungi kunga kelib fondning Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya va boshqa xorijiy davlatlarda boʻlimlari mavjud. Ular koʻmagida “Boburnoma” memuar asarini 30 dan ziyod tillarga tarjima qilishga, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning hayotiga oid 60 dan ortiq kitoblarning chop etilishi hamda 30 ta videofilm suratga olinishiga erishildi.

Maʼlumki, shu paytgacha Bobur asarlari yaxlit tarzda nashr etilmagan edi. Fond tomonidan olti jildlik «Kulliyot» toʻplamining bosmadan chiqarilishi konferensiya ishtirokchilari uchun munosib sovgʻa boʻldi. Anjuman doirasida ushbu toʻplam taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?