«Oʻtkan kunlar» — oʻzbek xalqi qadriyatlari va urf-odatlari haqida bilmoqchi boʻlganlar uchun bebaho madaniy manba — Germaniya nashri

19:19 13 Yanvar 2021 Madaniyat
281 0

Germaniyaning “Usbekistan Online” (Myunxen) axborot portali sahifalarida Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va zamonaviy taraqqiyotiga oid turkum materiallar muntazam tarzda chop etib kelinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Yaqinda nashr buyuk oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodi va adabiy merosi, jumladan, «Oʻtkan kunlar» romani haqidagi maqolani oʻquvchilari eʼtiboriga taqdim etdi. Unda mazkur asar oʻzbek mumtoz adabiyotining eng yorqin durdonalaridan biri ekani taʼkidlangan.

Onlayn-portal muallifi Gerhard Birkl adibning hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar keltirgan. “Abdulla Qodiriy — buyuk oʻzbek yozuvchisi, publitsist, tilshunos, tarjimon, «Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” va boshqa koʻplab oʻlmas asarlar muallifi», — deb yozadi u.

Muallif Abdulla Qodiriy 1919-1925-yillar mobaynida turli gazetalarda 300 dan ortiq maqola eʼlon qilgani, 1923-yil “Mushtum” satirik jurnaliga asos solgani va ushbu nashrda uzoq yillar davomida faoliyat yuritgani haqida maʼlumotlar keltirgan.

Materialda oʻzbek adibi arab, fors va rus tillarini yaxshi bilgani, taniqli xorijiy yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgani qayd etilgan.

Maqolaning asosiy qismi «Oʻtkan kunlar» romaniga bagʻishlangan. “Boshqa biron bir adabiy asar Abdulla Qodiriy qalamiga mansub «Oʻtgan kunlar” romani singari oʻzbek xalqining qalbidan chuqur joy olmagan boʻlsa kerak. Oʻzbek tilida bitilgan birinchi roman nafaqat Oʻzbekistonda, balki undan tashqarida ham mashhur. U erta oʻzbek realizmiga mansub durdona asardir», — deb yozadi muallif.

1926-yil birinchi marta nashr etilgan roman adabiy tanqidchilar tomonidan juda yaxshi kutib olingan. Afsuski, Abdulla Qodiriy 1938-yil Stalin repressiyasi qurboniga aylandi. Birinchi oʻzbek jadidchilariga mansub adibning nomi 1956-yil toʻla oqlandi. Oradan ikki yil oʻtib, yaʼni 1958-yil «Oʻtkan kunlar» romani 90 ming nusxada qayta nashr etildi.

Roman yulduzlar taqdirlarini oʻzaro bogʻlab qoʻygan ikki yosh qalb muhabbati haqida hikoya qiladi, deb fikr yuritadi nemis jurnalisti. Yozuvchi XIX asrdagi Qoʻqon xonligining ziddiyatlarga toʻla qarama-qarshi ichki dunyosini, oʻsha davr muammolarini badiiy mahorat bilan yoritgan. Muallif asosiy qahramonlar — Otabek va Kumushning fojiali taqdiri orqali jamiyat hayotining haqiqiy ahvolini ochib bergan.

«Otabek obrazi Abdulla Qodiriy dunyoqarashini yorqin ifodalagan. Roman bosh qahramoni Qoʻqon xonligidagi ichki kurash va korrupsiya, mahalliy aholining diniy aqidalarga berilib ketganining guvohi boʻladi, — deb yozadi nemis axborot resursi. — Chuqur zehni, aql-zakovati va iqtidori bilan mashhur boʻlgan Abdulla Qodiriy XIX asr oʻrtalaridagi Turkiston oʻlkasida istiqomat qilgan jamiyatning haqiqiy ruhini aks ettirgan. «Oʻtkan kunlar» romani oʻzbek xalqi tarixidagi eng muhim davrlardan birini qamrab olgan. Roman oʻzbek xalqining madaniyati, qadriyati va urf-odatlari toʻgʻrisida bilmoqchi boʻlganlar uchun bebaho madaniy manba sifatida katta ahamiyatga ega».

“Oʻzbekiston salmoqli iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlarga boy davlat. Biroq mamlakatning tarixi, madaniyati va adabiyoti oʻz koʻlami bilan yana-da yuksak mavqega ega ekanini taʼkidlash lozim”, – deb xulosa qiladi G.Birkl.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?