Oʻtgan yili kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni muomalaga kiritish bilan bogʻliq 138 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan — Oliy sud

08:31 28 Noyabr 2021 Jamiyat
1303 0

2021 yil 27-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va sudyalari, Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul xodimlari, huquqshunos olimlar videokonferensaloqa rejimida ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida qatʼiyat bilan amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar, avvalo, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarining kafolatli himoyasini amalda taʼminlash orqali ularning sud organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni amalga oshirilishning protsessual tartibini takomillashtirish hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Yigʻilishda Oliy sud Plenumining “Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”, “Terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida”, “Maʼmuriy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti”, “Fuqarolik ishlarini kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”, “Iqtisodiy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”, “Jinoyat ishlarini kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida” va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning sogʻligʻini muhofaza qilish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan aholining sogʻligʻini saqlash, jismonan sogʻlom, aqlan barkamol avlodni tarbiyalash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, dori vositalari, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar muomalasini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish orqali ularning noqonuniy aylanishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Biroq olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish va mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalashga toʻsqinlik qiluvchi ayrim turdagi jinoyatlar soni sezilarli darajada ortib borayotgani gʻoyatda achinarlidir.

Xususan, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasi bilan bogʻliq holda sodir etilayotgan jinoyatlar shunday ijtimoiy xavfli qilmishlar toifasiga kiradi. Albatta, buning uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy javobgarlik belgilangan.

Sudlar tomonidan 2019-yilda kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq jinoyat ishlari koʻrilmagan boʻlsa, 2020-yilga kelib, ushbu toifadagi qilmishlar bilan bogʻliq jami 213 nafar shaxsga nisbatan 138 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan, shundan 186 nafar shaxsga nisbatan 124 ta yoki 87,3 foiz ayblov hukmi chiqarilgan. Sudlanganlarning 86 nafari yoki 46,2 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar, 98 nafari yoki 52,7 foizini 60 yoshgacha boʻlgan shaxslar tashkil etadi. Bu esa, mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar va uni muomalaga kiritishdan manfaatdor tomonlarning jinoyatlarni yashirishga qaratilgan hamda oldindan puxta rejalashtirilgan holda harakat qilganidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksining “Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik” uchun javobgarlik belgilangan 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish)ga jinoiy taʼqibning taʼsirchanligini oshirish borasida Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-avgustdagi qonuni bilan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

Qonunchilikka bunday oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi, shuningdek, sud amaliyotida ushbu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda koʻrish chogʻida ayrim masalalar yuzaga kelganligi Oliy sud Plenumining “Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorini qabul qilishni taqozo etdi.

Mazkur qaror loyihasini ishlab chiqishda, avvalo, ushbu toifadagi jinoyat ishlarini koʻrish boʻyicha sud amaliyoti umumlashtirildi, amalda boʻlgan Oliy sud Plenumi qarorlari, Jinoyat kodeksi, shuningdek, dori vositalari, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar muomalasini huquqiy tartibga solish bilan bogʻliq qonun va qonun osti hujjatlari oʻrganib chiqildi.

Ushbu Plenum qarorida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar borasida tushuntirishlar berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?