Oʻtgan yilda 39 ming nafardan ortiq shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan — Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

08:49 30 Mart 2023 Jamiyat
365 0

Milliy matbuot markazida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tashkilot rahbariyati, masʼullari, OAV xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish uchun turli soha va tarmoqlar boʻyicha zamonaviy bilim, koʻnikmalarga ega boʻlgan, salohiyatli, fidoyi va izlanuvchan mutaxassis kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shunga koʻra, davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatimizda bilimli va isteʼdodli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, iqtisodiyotni raqobatbardosh mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida taʼsirchan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Islohotlar tezligi hamda hudud va sohalarni rivojlantirish boʻyicha belgilanayotgan marralar davlat xizmatining har bir yoʻnalishida ish tashkil etishni tubdan qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. Xususan, endilikda eskicha boshqaruv usullari bilan Yangi Oʻzbekistonni qurib boʻlmaydi. Boshqacha aytganda, bugungi qoʻyilayotgan talabning oʻzi har bir sohada zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni talab etmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida soʻnggi yillar ichida mamlakatimizda barcha tarmoqlarda boʻlgani kabi davlat fuqarolik xizmatida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, sohani sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratildi.

“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilishi kerak”, degan daʼvatlar kun tartibidan oʻrin oldi.

Bugun har bir davlat xizmatchisi uchun “xalqqa xizmat qiladigan”, “xalqchil” degan soʻzning tub mohiyatini anglash juda muhim. Yaʼni, davlat xizmatchisi faoliyatining har bir nuqtasida shu fikrga eʼtiborini berishi kerak: amalga oshirilayotgan ishining xalqqa qanchalik foydasi tegadi? Bu haqda eng katta amaldordan eng kichik mutaxassisgacha fikr yuritishi – hozirgi kun talabidir. Bugun hisobot uchun ishlash davrlaridan oʻtilganini xalq biladi. Endilikda davlat xizmati samaradorligi xalq ehtiyojlarini qondirish, INSON QADRIni ulugʻlash darajasi bilan bevosita bogʻliq.

Xususan, oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajaradigan professional, ixcham davlat boshqaruvi apparatini tashkil etish eng ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Shu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 2022-yil davomida kadrlar siyosatini olib borishda qator amaliy tashabbuslar koʻrsatdi.

Maʼlumki, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining gʻoyaviy platformasini, uni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatini amalga oshiradi.

Bugungi kunga kelib, Agentlik tashabbusi bilan tashkil etilgan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ga 78 ta vazirlik va idoralar hamda barcha tuman (shahar) hokimliklari ulandi. Tashkilotlardagi mavjud vakant lavozim boʻyicha 90 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilindi. 919 ming nomzod tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirgan. 2022-yilda 39 ming nafardan ortiq shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi.

2022-yil davomida Agentlik tomonidan jami 68 788 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish boʻyicha 90 dan ziyod oʻquv kurslari tashkil etildi. Yangi tartib asosida 832 ta sektorlar rahbarlari faoliyatining samaradorligi (KPI) 7 ta yoʻnalishda baholanishi yoʻlga qoʻyildi.

ilm.argos.uz – elektron platformasi ishlab chiqilib, unga 466 ta video maʼruza, 248 ta elektron kitob joylashtirildi. Tizimda 64 238 nafar davlat xizmatchilari roʻyxatdan oʻtdi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarini kompetensiyalar asosida baholash tizimi joriy etilib, 20 ming martaga yaqin psixologik testlar olindi. 3 ming nafardan ortiq koʻnikmalar pasporti shu jumladan, 5 ming nafar rahbar kadrlar uchun psixologik portret shakllantirildi.

Agentlik tomonidan 2022-yilda 15 ta davlat fuqarolik xizmatiga oid ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazilgan boʻlib, ularda 190 ming nafardan ortiq respondent kamrab olingan.

Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan 5 ta kompleks oʻrganishlar va 1068 ta monitoringlar oʻtkazilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha kiritilgan taʼsir choralari natijasida 358 nafar xodimlarning mehnatiga haq toʻlashga oid buzilgan huquqlari tiklangan, 67 ta noqonuniy buyruqlar bekor qilingan, 55 nafar aybdorlarga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, 6 nafar xodimlar lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar aybdorlarga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.

Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida Turkiya, Ozarbayjon, Malayziya, Singapur, Koreya, Fransiya, Germaniya davlatlari bilan sohaga oid turli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida yuzlab davlat xizmatchilari ishtirok etdi.

Davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson resurslarini boshqarish faoliyatini raqamlashtirish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmati sohasida inson resurslarini boshqarish” (hrm.argos.uz) axborot tizimi ishlab chiqildi. Hozirda tizimga 4 mingga yaqin tashkilotlar ulangan.

Davlatimiz rahbarining iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish tashabbusini amalda joriy etish maqsadida 6 246 nafar iqtidorli yoshlar orasida oʻtkazilgan 4-bosqichli tanlov natijalariga koʻra, tomonidan respublika boʻyicha jami 630 nafar eng munosib yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klublari tashkil etildi.

Shuningdek, rahbar kadrlar zahirasini yaratishga koʻmaklashish maqsadida Agentlik tashabbusi bilan “Kelajak liderlari” dasturlari amalga oshirildi. Dastur doirasida 7000 nafardan ortiq 30 yoshdan oshmagan qobiliyatli yoshlar orasidan 50 nafar eng munosibi tanlab olinib, maxsus dastur asosida rahbarlikka tayyorlandi.

Davlat fuqarolik xizmati tizimidagi muhim oʻzgarishlardan biri — “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat.

Mazkur qonun Oʻzbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bogʻliq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga solishi belgilandi. Qator qonunosti hujjatlar ishlab chiqildi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish, xalparvar davlat xizmatini koʻrsatish maqsadida 2023-yilda ham oʻz oldiga qator ustuvor vazifalarni belgiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?