Otasining boyligidan voz kechgan amir

09:07 25 Yanvar 2021 Jamiyat
1227 0

Illyustrativ foto

Tariximiz benihoya boy. Uni tubida injular yotgan dengizga mengzash mumkin. Afsuski, uzoq yillar bu injulardan bexabar qoldik. Xususan, shoʻro mafkurasi bu yoʻlda oyoqqa tushov boʻldi.U oʻtmishimizni qora boʻyoqlarda koʻrsatib, ajdodlarimizni savodsizga, qoloqqa chiqardi. Shohu amirlar yuziga loy chapladi.

Vaholanki, tariximizda adolatli, maʼrifatparvar, elparvar, odil, oyogʻi yerdan uzilmagan hukmdorlar ham koʻp boʻlgan. Ulardan biri Amir Maʼsum Shohmurodxondir.

— Shohmurodxon 1785 — 1800-yillarda Buxoroni boshqargan, — deydi Sitorai Moxi Xossa muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — U tariqat yoʻliga kirgan soʻfi amir boʻladi. Oʻzidan avval Buxoroga 27 yil hukmdorlik qilgan otasi Amir Doniyolxonning boyliklaridan voz kechib, el qatori oddiygina yashaydi. Hech kimdan tuhfa olmagan. Oddiy kiyingan. Hatto oʻz nomini xutbada zikr qilishni taqiqlagan. Insoniy fazilatlari uchun unga xalq “Amiri maʼsum” yaʼni “Begunoh amir” degan nom bergan.

Manbalarda aytilishicha, uning eng katta xizmatlaridan biri Samarqand shahrini qayta tiklaganidir. Gap shundaki, 1723-yilda Samarqandga Tavakkalxon, 1740-yilda Nodir shoh boshchiligida bosqin uyushtiriladi. Boy va goʻzal shahar talon-taroj qilinadi. Boyliklari olib ketiladi. Boz ustiga vabo tarqaladi. Shahar koʻchalari huvillab qoladi.

Taqdirning inoyatini qarangki, yosh va kuch-gʻayratga toʻlgan Shohmurodxon Samarqandga hokim boʻladi. Tadqiqotchi Inoyatulla Suvonqulovning “Samarqand qadamjolari” risolasida yozilishicha, ana shunday ogʻir sharoitda Shohmurodxon shaharni qayta tiklashga bel boylaydi. 24 ta yangi mahalla va ularda masjidlar barpo etib, ketganlarni ortga qaytaradi, turli joylardan odamlarni Samarqandga koʻchirib olib keladi. Shaharda yana hayot qaynaydi.

Shohmurodxon bu kabi ezgu ishlarni nafaqat Samarqandu Buxoro, balki amirlikning boshqa goʻshalarida ham amalga oshirgan. Binobarin, elparvar hukmdorlarning hayotini chuqur oʻrganish, ezgu ishlaridan aholi, xususan, yoshlarimizni xabardor qilish, badiiy asarlar, kinofilmlar yaratish foydadan xoli emas. Zero, inson qadru qimmati uning boyliklari bilan emas, ezgu, xayrli ishlari bilan oʻlchanadi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?