Otashin umr 70 dovondan oshdi

06:07 06 Aprel 2024 Jamiyat
617 0

Farmon Toshev nomini eshitganlar bu insonning otashin sheʼrlari, sermazmun hikoyalari, bir-birini takrorlamas maqolalari, payrovli hajviyalarini yaxshi bilishadi. Umri davomida adabiyotdan, ijoddan yiroq yashamagan bu ijodkor bugun 70 dovondan oshdi.

Tahririyatimiz jamoasi nomidan uni tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, sihat-salomatlik, ijodiy kuch-quvvat tilaymiz!

* * *

Teng boʻlsada tunu kun zamonga teng boʻlolmas,

Bizga Vatan bu zamin osmonga teng boʻlolmas.

 

Akobirning nechogʻlik fikrati keng boʻlmasin,

Suhbat chogʻi ne ajab, nodonga teng boʻlolmas.

 

Yashnasin adir, qirlar, bogʻlar gullasin, ammo,

Koʻngillarda uygʻongan tugʻyonga teng boʻlolmas.

 

Jonzot borki – rizqi bor, bu fano hamma uchun,

Lek aqlu zakovatda insonga teng boʻlolmas.

 

Oʻpkalama birovning dashnom, taʼnasidan u,

Oʻz koʻnglingda boʻylagan yomonga teng boʻlolmas.

 

Yetti iqlimni kezib, yiqqan molu davlating

Elingdan hadya hurmat – ehsonga teng boʻlolmas.

 

Umrdagi shoʻx-shodon kunlarni gar jamlasang,

Bitta dilni qoʻllagan bir onga teng boʻlolmas.

 

Ulfat, doʻst davrasida bazmi jamshid qilganing

Roʻzgʻoringda qaynagan qozonga teng boʻlolmas.

 

Taqdirning sinovini gʻam bilmagin, noshukr,

Nafas olayapsanku, u jonga teng boʻlolmas.

 

Oʻzga yurtda naqadar yetmasin dunyolarga,

Vatanida baxt topgan Farmonga teng boʻlolmas.

 

* * *

Havas qilsang, arzigulik odamlarga havas qil,

Vujudingga taskin bergan xush damlarga havas qil.

 

Jonfidolik oson emas, sabru matonat darkor,

Ziyo berib, fido boʻlgan nur, shamlarga havas qil.

 

Mute boʻlma pastkash kishi mansabiyu davlatiga,

Gʻururi koʻp, davlati lek oz, kamlarga havas qil.

 

Oʻz yoringni yuragingda ham kaftingda olib yur,

Demam, aslo koʻcha-koʻyda tamtamlarga havas qil.

 

Boʻlma shaydo shuhrat uchun kimki ehson aylasa,

Ojizlarga dalda boʻlgan karamlarga havas qil.

 

Koshonalar qursa hamki, bugun boru erta yoʻq,

El ichida kamtar, xoksor Hotamlarga havas qil.

 

Shotir, yengil, hovliqmadan ne ham ibrat olgaysan,

Ortda izin qoldirguvchi qadamlarga havas qil.

 

El ichida oʻz oʻrningni topay desang, Farmono,

Jismi emas, vijdoni bardamlarga havas qil.

 

* * *

Ishtahada agarchi taomning boli bordir,

Lek luqmaning haromi yoki haloli bordir.

 

Akobir davrasida har gap aytmoq nojoiz,

Yomon kalomning doim elga maloli bordir.

 

Turfa yonga yoʻrgʻalar ustoz koʻrmagan kimsa,

Har oqilda muallim, piri- Biloli bordir.

 

Jannat bilgay odamzot oʻz Vatani bagʻrini,

Choʻl, qahraton, saraton yoki shamoli bordir.

 

Nolasiga oshiqning kecha-kunduz bir mahal,

Quyosh yoʻqsa, sehrli yulduz, hiloli bordir.

 

Kutsa oshiq yorini, demangiz devonavor,

Malham iztirobiga goʻzal xayoli bordir.

 

Farhod kabi shijoat, gʻurur sohibi, demak,

Uyda Shirin singari suygan ayoli bordir.

 

Farmono, har ishdakim, izn berma istakka,

Munkarning oqibatda ogʻir savoli bordir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер