Otabek Sattoriyning keyingi sud majlisi 30-iyunga qoldirildi

16:24 29 Iyun 2021 Jamiyat
462 0

Oliy sud shu boʻyicha rasmiy bayonot berdi.

«29-iyun kuni soat 11:00 da Surxondaryo viloyat sudi binosida sudlanuvchi O. Sattoriyga oid jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boshlandi.

Mazkur jinoyat ishi Samarqand viloyat sudining apellyatsiya sudlov hayʼati tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, jinoyat ishlari boʻyicha Muzrabot tuman sudining 2021-yil 10-maydagi hukmiga koʻra, O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qoʻllab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bugungi sud majlisida sudga raislik qiluvchi Samarqand viloyat sudi sudyasi I. Hamidov tomonidan sud tarkibi eʼlon qilinib, hozir boʻlgan sud ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirildi.

Shundan soʻng taraflarda sudlov hayʼati tarkibini rad qilishga oid arzlar yoki iltimoslar bor yoxud yoʻqligiga aniqlik kiritildi. Sudlanuvchi O. Sattoriy prokuror va sudlov hayʼati tarkibiga raddiya bildirdi. Uning raddiyasi taraflarning fikri oʻrganilgan holda hal etilib, qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Shuningdek, sudlanuvchi O. Sattoriy va uning himoyachisi Sh. Xolmurodov sudga iltimosnoma kiritib, sudlanuvchi O. Sattoriyning otasi A. Sattoriyni himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilishini soʻradi. Ushbu iltimosnoma Jinoyat-protsessual kodeksining 423-moddasi (sud majlisida ajrim chiqarish tartibi) tartibida hal etilib, qanoatlantirildi hamda A. Sattoriy himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilindi. Unga Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasi (himoyachining huquq va majburiyatlari) da nazarda tutilgan huquqlari hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Shuningdek, sud muhokamasining tayyorlov qismida jabrlanuvchi T. Shopulatov va Oʻ. Turdiyevning himoyachisi “Surxon Adolat ximoyasi” advokatlik byurosi advokati S. Mamatqulovaning sogʻligi yomonlashganligi bois sud muhokamasini keyinga qoldirish toʻgʻrisidagi, sudlanuvchining himoyachisi Toshkent shahar “Adolat sari” advokatlik byurosi advokati Sh. Xolmurodov ishga yangidan kirishganligi sababli jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish, sud muhokamasiga tayyorgarlik koʻrish uchun zarur vaqt berilishiga oid iltimoslari koʻrib chiqildi. Iltimosnomalar asosli ekanligi inobatga olinib, keyingi sud majlisi 2021-yil 30-iyun kuni soat 10:00 ga qoldirildi.

Sud muhokamasi ochiq majlisda hamda oshkora koʻrilganligi sababli ommaviy axborot vositalarining vakillari, jurnalist va blogerlar yoki boshqa shaxslarning sud majlisiga kirishiga monelik qilingan holatlar yuz bermadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ochiq va shaffof tarzda boshlangan ushbu sud majlisiga OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar kiritilmadi, degan mazmundagi asossiz xabarlar tarqatilmoqda.

Vaholanki, sud jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qarori talablariga toʻliq rioya etgan holda oʻtkazildi. Sud majlisiga kechikib kelgan hamda jarayonni audio yoki videoyozuvga olish uchun belgilangan tartibda iltimosnoma kiritmagan ayrim jurnalist va blogerlar yuqorida nomi qayd etilgan qaror bilan yana bir karra tanishib chiqsalar, foydadan xoli boʻlmasdi.

Oʻz navbatida ochiq va shaffof tarzda boshlangan ushbu sud jarayoniga oid asossiz xabarlar tarqatish sudyalar faoliyatiga bosim oʻtkazish ekanini, bunday harakatlarga nisbatan qonuniy javobgarlik muqarrarligini yana bir karra eslatib oʻtamiz» deyiladi Oliy sud axborot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?