Otabek Sattoriyga uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

17:38 10 May 2021 Jamiyat
1180 0

2021-yil 10-may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriy (1980-yilda Termiz shahrida tugʻilgan, blogerlik faoliyati bilan shugʻullanadi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida koʻrib chiqildi.

Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra, O. Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Narbayevani haqorat qilganligi boʻyicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Koʻcharov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilganligi boʻyicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli oqlandi.

O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qoʻllab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

Ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan 1 dona “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. Toʻrayevga, 1 dona “Redmi 5+” rusumli uyali telefon apparati va 1 dona “Zotac” rusumli kompyuter protsessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.

Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020-yil 2-iyul kuni KSH 032769 SV sonli reyestr bilan tasdiqlangan “Termiz Eko Ekspress loyiha” MCHJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy oʻrtasida tuzilgan Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Maʼrifat” mahallasi, Istiqlol koʻchasi, 6-uyda joylashgan 42-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.

“Termiz Eko Ekspress loyiha” MCHJ rahbari T. Shapulatovdan sudlanuvchi O. Sattoriy foydasiga jami 234 835 000 soʻm undirilishi belgilandi.

Ushbu jinoiy ish boʻyicha sudga raislik qiluvchi tomonidan taraflarga jinoyat oqibatida yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi hamda sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?