Boshlarini changallab qolgan ota-onalar, arosatda qolib ketgan bolalar — “Adolat” SDP vakili taʼlim tizimidagi ayrim jiddiy xatolar haqida fikr bildirdi  

19:42 03 Sentyabr 2021 Jamiyat
923 0

Korrupsiya – mudhish illat, ayniqsa u taʼlim tizimini oʻz changaliga olsa, ikki karra falokat. Yaqin-yaqingacha kolleju universitetlar u yoqda tursin, bogʻcha-maktabga kirish ham “qistir-qistir”larsiz bitmas edi. Ayniqsa, shaharda dong taratgan «prestij» bogʻcha va maktablar faqat “kattakon”larning bolalarini “yuqori”dan qoʻngʻiroq asosida qabul qilib, mahalliy aholiga joy qoldirmasligi koʻp bor isbotini koʻrsatgan.

Mazkur korrupsiogen holatlarning oldini olish, maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylash uchun mudiraning, maktabga qabulda direktorning choʻntagini qappaytirishga barham berish uchun shaffof tizimlar yaratildi. MTTlarga Davlat xizmatlari agentligi orqali navbat tashkil qilish yoʻlga qoʻyilgani koʻplab ota-onalarning koʻnglidagi ish boʻldi.

Bu yildan umumtaʼlim maktablariga qabul ham elektron shaklda my.maktab.uz portali orqali amalga oshiriladigan boʻldi. Elektron tizimga oʻtilgani, albatta, yaxshi, ortiqcha ovogarchiliklaru xarajatlarga hojat qoldirmaydi. Ammo, ayrim jamoatchilik vakillarining taʼkidlashlaricha, ushbu tizimga ishonib farzandini bu yil maktabga joylolmay qolgan, sentyabr oyi — yangi oʻquv yili boshlanganiga qaramay, hamon farzandining hujjatlari qoʻlida turgan ota-onalar bor.

Oʻrnatilgan tartibga koʻra, ota-onalardan sayt orqali maʼlumotlarni toʻldirish va jarayonni kuzatib borish talab etilgan. Bu bosqichni bajarganlar yoz boʻyi har kuni koʻzi toʻrt boʻlib saytdagi shaxsiy sahifasini kuzatgan va “koʻrib chiqilmoqda” yozuvini oʻqib kelgan. Kimlardir navbati kelgani haqida xabar topib, bolasini maktabga joylashga muvaffaq boʻldi. Ammo ota-onalarning bir qismi avgust oyining oxirgi kunlarida saytdagi “qaytarildi” degan hukmni oʻqib boshlarini changallab qolishdi. Xoʻsh, endi nima boʻladi? Maktab yoshiga yetgan bolalar maktabga chiqolmay qolib ketaveradimi? Xoʻp, qamrov yuqoriligi bois oʻzi tanlagan maktabida boʻsh joy qolmagandir, bu haqida avvalroq xabar berish, ota-onalar uchun boshqa maktab uchun harakat qilish imkonini qoldirish mumkinmidi?

Avvalgi tizim korrupsiya xavfi ostida deb, boshqa tizim yaratilgani maqsadga muvofiq, biroq bolalarda nima ayb? “Oʻquvchi boʻlaman, Prezidentdan sovgʻa olaman”, deya entikib turgan murgʻak qalblar 6-sentyabr kuni uyda mungʻayib qolsalar, bizga korrupsiyadan holi tizimga tasanno oʻqib oʻtirish yarasharmikin?

Bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga imkon qadar koʻp qamrab olish haqida koʻp gapirildi, takliflar berildi, ammo hozirgi vaziyatda MTTdan ham muhimroq va dolzarbroq boʻlgan majburiy taʼlimga jalb etish ham oʻz oqsoqligini berkitolmayapti. Vaqtida maktabga chiqib, kerakli taʼlimni olmagan, bu borada bir yil yutqazgan, ustiga ustak hamma narsasini taxt qilib qoʻygan holda maktabga borish orzusi sarobga aylangan bolakaylardan ertaga yuqori natijani talab qilishga haqlimizmi?

Bogʻchadan chiqarilgan, maktabga qabul qilinmagan oʻquvchilar  arosatda qolib ketdi.

Xalq taʼlimi vazirligi masalaga jiddiy qarab, oldindagi oz fursat ichida ana shu oʻquvchilar foydasiga biror maʼnili qaror qabul qiladi, degan umiddamiz. Zotan, ibtido intihoni hal qiladi. Farzandlarimiz taʼlimining ilk pillapoyalaridanoq kerakli sharoitlarni yaratib beraylik.

Bahrom ABDUHALIMOV,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?