Osiyoning yana bir davlatida koronavirusning yangi shtammi bilan zararlanish holati qayd etildi

03:18 02 Dekabr 2021 Dunyo
924 0

Illyustrativ foto

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)da koronavirusning yangi shtammi — «Omikron» bilan zararlanishning birinchi holati qayd etildi. Bu haqda VAM davlat axborot agentligi mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.

Infeksiya BAAga Afrikadan arab davlatlaridan biri orqali kelgan ayolda aniqlangan. Yangi shtamm tashuvchisi koronavirusga qarshi vaksinaning ikki dozasi bilan emlangan. Ayni damda u karantinga olinib, mahalliy shifokorlar nazoratida boʻlib turibdi. Ushbu fuqaro bilan muloqotda boʻlganlarning barchasi oʻzini oʻzi izolyatsiya qilishi aytilgan.

BAA maʼmuriyati 29-noyabrdan boshlab «Omikron» shtammi tarqalishi tufayli Afrikaning yetti davlatidan, jumladan, Janubiy Afrika Respublikasidan keluvchilarni ham oʻz hududiga kirishini cheklagan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, 9,8 million aholiga ega BAAda pandemiya boshlanganidan buyon 742 109 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Shundan 737 024 nafari tuzalgan. Kasallik asoratlari oqibatida 2 148 nafar bemor vafot etgan. 

26-noyabr kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikaning janubida koronavirusning yangi shtammi B.1.1.529 («Omikron») aniqlanganini maʼlum qildi. JSST bayonotiga koʻra, ushbu shtamm koʻp sonli mutatsiyalarga ega, ularning baʼzilari xavotirga soladi.

Bungacha ushbu shtamm Osiyoning Gonkong va Yaponiya davlatlarida aniqlangan edi.

Oldinroq, “Omikron” shtammining asosiy belgilari haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirusning yangi — “Omikron” shtammining global xavfi haqida ogohlantirgan edi.

Oʻz navbatida, JARda “COVID-19”ni yuqtirish holatlari juda keskin oʻsyotgani va bemorlar orasida bolalar koʻpligi maʼlum qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?