Oshqozon yarasiga chalingan bemorlar qanday taomlanadi?

15:20 05 Dekabr 2022 Jamiyat
252 0

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim Gʻulomov javob berdi.

— Oshqozon yarasining oldini olish uchun, avvalo, sogʻlom turmush tarziga amal qilish kerak, — deydi shifokor. — Shu bilan birga, toʻgʻri ovqatlanish, chekmaslik va spirtli ichimliklar isteʼmol qilmaslik talab etiladi.

Konservativ muolajani imkon qadar barvaqt boshlash lozim. Bu paytda bemor jismonan va ruhan dam olishi, kasallikning tinch davrida ham kun tartibi hamda parhezga amal qilishi zarur.

Shuni aytish kerakki, parhez tutgan bemorlar davolashda juda yaxshi natijalarga erishadi. Buning uchun bir kunda 5-6-marta oz-ozdan ovqatlanish, oʻtkir, tuzlangan, konservalangan va dudlangan taomlardan voz kechish kerak.

Qolaversa, qoʻy va mol yogʻi, oʻtkir masalliqlar (gorchitsa, xren, piyoz, sirka), shuningdek shira haydaydigan taomlar (goʻsht va baliq shoʻrvalar, qovurilgan taomlar)ni istisno qilish maqsadga muvofiq. Dastlabki 1-2 haftada sut, kisel, doni ezib pishirilgan shoʻrvalar, ilitilgan tuxum tanavul qilgan maʼqul.

Suyuq ovqatlar sutkasiga 5-6-martadan oz-oz isteʼmol qilinadi. Bemorning ahvoli yaxshilanib borgach, taomnomaga sutda pishirilgan boʻtqa, yumshoq goʻsht, baliq qiyma va bugʻda pishirilgan taomlar qoʻshiladi.

4-5 haftadan soʻng oq non, yogʻsiz goʻsht va baliqdan pishirilgan taomlar, qatiq, smetana, tvorog va boʻtqalar isteʼmol qilish mumkin. Yara bitgandan keyin ham parhezga amal qilish shart. Bu esa kasallik qaytalanishining oldini oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер