SSSR davrida tarbiyalagan korrupsioner va boqimandalarning hisobiga Oʻzbekiston qaddini koʻtarishi qiyin boʻlayapti - Qodirov Oʻzbekistonda oʻzbekofobiya borligiga shama qildi

16:19 04 May 2021 Jamiyat
4112 0

Soʻnggi hafta juda keskin oʻtdi. Mavzularni yaxshi bilasiz, takrorlamayman, deb yozmoqda deputat Alisher Qodirov.

Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda oʻzbekofobiya bordek koʻrinmoqda. 

«Ijtimoiy tarmoqlarda rus va rus tilida yozuvchilardagi betoqatlik, yuqoridan qarash va nafrat meni xavotirga solmoqda.

Biz barcha boshqa millatli vatandoshlarimizni hurmat qilamiz. Qanchalar koʻp millatli boʻlmaylik mamlakatimizning nomi Oʻzbekiston va bu yerda oʻzbeklar ham koʻpchilikda (!) yashaydilar. Boshqa millatli vatandoshlarning huquqlari Konstitutsiyadan boshlab, aloqador barcha qonunlarda himoya qilingan. Lekin nega ular oʻzbeklar va oʻzbek qadriyatlari haqida gapirilsa ayuhannos soladilar? Oʻzbeklarni oʻz yurtida rivojlanishi haqida gapirishdan tabiiyroq nima boʻlishi mumkin? Nega bu millatchilik, boshqa millatlarni kamsitish deb baholanmoqda!?

Tarixni hech kim rad etmaydi, etolmaydi ham. Biz mustamlaka yurt boʻlganmiz. Ziyolilarimizni shu tizim qirgʻin qildi, oqkoʻngil ajdodlarimizni darbadar qildi. Oʻzimizning pulga oʻzimizni manqurtlashtirdi. Lekin faqat bizmi? Sovet qamoqxonasi faqat oʻzbeklardan iborat boʻlmagan, unda yuzlab millatlar qatorida ruslar ham asir boʻlganlar. Nega SSSRga hurmatsizlik Rossiyaga yoki rus millatiga hurmatsizlik deb talqin qilinmoqda? Rossiya Federatsiyasi bizni tabiiy hamkorimiz va biz u bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.

Otalarimizni ikkinchi jahon urushda ishtirok etganligi tarixiy fakt. Biz dunyo xalqlari qatorida fashizmga qarshi kurashgan xalqmiz. Bu gʻalabada soʻzsiz bizni katta hissamiz bor. Lekin hech qachon frontda jon berayotgan otalarimiz koʻz oʻngidan Kreml yoki Stalin gavdalanmagan. Soʻnggi daqiqalarida onasi, oilasi va ona Vatani boʻlgan Oʻzbekistonni oʻylaganligiga aslo shubha yoʻq. Bu yerda soʻz oʻyiniga hech qanday oʻrin yoʻq. Buyuk Oʻzbek xalqi fashizmni yengishda qahramonlik koʻrsatgan. Biz ularni doimo ulugʻlaymiz.

Albatta men ham shu davlatda yashaganman. Lekin eʼtiqodim, tilim, tarixim, millatim tahqirlanib yashaganman. Qamoqxonada ham ovqat berishadi, kiyintirishadi, oʻqitishadi. Qul ham sogʻlom va savodli boʻlishi kerak. Farzandlarimizni shunday kamsitilmasligi uchun, ularni emin-erkin, oʻz qadriyatlariga tayanib, oʻz yurtida yashashlarini taʼminlash uchun hamma narsaga tayyor boʻlishimiz kerak.

Muammolarni roʻkach qilib ogʻzimizga urayotganlarga, oʻsha davr va oʻsha davlat tarbiyalagan korrupsionerlar, loqaydlar va boqimandalarning hisobiga Oʻzbekiston qaddini koʻtarishi qiyin boʻlayapdi. Shuning uchun oldimizdagi eng ustuvor masala qullik va boqimandalik psixologiyasidan qutilgan avlodni shakllantirishdan iborat boʻlishi kerak.

Buni faqat birgalikda qilishimiz mumkin. Tushunganlar jarayonda ishtirok etsin, tushunishni istamayotganlar ham tushunmaslikka haqlilar. Lekin fikr bildirishda provokatsiya, haqorat, tuhmat va boʻhtonlardan tiyilish kerak.

Mendan fashist yasamang! Men oʻzbek xalqini qaddini rostlashini xohlayman, xolos. Bironta boshqa millatli vatandoshlar huquqini buzadigan ish qilayotgan boʻlsam, marhamat, koʻrsating, muhokamalarga doimo ochiqman. Adolat va toʻgʻri soʻz oldida boʻynim sochning tolasidek.

Niyatimiz xolis, maqsadlarimiz ezgu.

Oʻzbekistonni qadrlaydiganlar doimo qadrlidir. Oʻzbekistonga xiyonat qiladiganlarning esa millati qiziqmas, qonun ham jamiyat ham bundaylarga murosasiz va beshafqat boʻlishi kerak.

Millatimizdan qatʼiy nazar, hammamiz Oʻzbekiston uchun - Oʻzbekiston bayrogʻi ostida birlashishimiz kerak», deydi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?