Orzu-maqsadi baland oʻquvchilarimiz bor

13:14 29 Sentyabr 2022 Jamiyat
500 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun oʻquvchilarim – barkamol avlod vakillari bilan suhbatlashib, ularning fikrlashi, dunyoqarashi, orzu-maqsadlari yuksakligiga qoyil qolaman. Haqiqatdan ham yurtimizda ilm-fan sohasida dunyo miqyosida raqobatbardosh avlod shakllanmoqda.

Oʻzim istiqlol tengdoshiman, 8 yildan buyon ushbu taʼlim muassasasida faoliyat koʻrsatib, keyingi yillarda oʻquvchilarim erishayotgan yutuqlar bilan behad faxrlanaman. Birgina 2021-2022 oʻquv yilining oʻzida oʻnga yaqin oʻquvchilarim eng yuqori ball toʻplab, mamlakatimizning tibbiyot yoʻnalishidagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldilar. Oxunjon Dehqonov, Ozodbek Meliqoʻziyev singari oʻquvchilarim viloyat, respublika miqyosida oʻtkazilayotgani bilimlar bellashuvi va xalqaro fan olimpiadalari gʻolibi hisoblanadi.

2020-yili oʻquvchim Ozodbek Meliqoʻziyev Hindistonning Sharda universiteti tomonidan oʻtkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2022-yilning 9-15-may kunlari mamlakatimiz mezbonligida boʻlib 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida Ozodbek Meliqoʻziyev Oʻzbekiston terma jamoasi safida bronza medaliga sazovor boʻldi.

Prezidentimiz Farmoniga koʻra, Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh hamkasblarim qatori “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim juda ham quvontirdi.

Kelajak bugundan boshlanadi. Barkamol avlod orzusi yoʻlidagi bunday eʼtibor va ragʻbat albatta oʻz samarasini beradi. Ezgu maqsad va tashabbuslar yoʻlida biz ustozlar xizmatda astoydil kamarbastamiz.

Boburmirzo QURBONOV,

Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi

 2-viloyat ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktab-internatining kimyo fani oʻqituvchisi, “Shuhrat” medali sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?