Orziqib kutilgan oylar sultoni, marhabo!

08:49 10 Aprel 2021 Jamiyat
1095 0

Xalqimiz mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik singari oʻziga xos ezgu fazilatlarni asrlar davomida qadrlab keladi. Ayniqsa, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlashdek ezgu amallar keyingi yillarda yana-da rivojlanib, taraqqiy topib, yangicha maʼno-mazmun kasb etib bormoqda. Ana shu qadriyatlar Ramazon oyida yaqqol namoyon boʻladi.

Ushbu muborak oy xalqimizning maʼnaviy-ruhiy hayotida alohida oʻrin tutadi. Bu oyni yurtdoshlarimiz intiqlik bilan orziqib kutib, munosib oʻtkazishadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bu oyda har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savob berilishi hadisi sharifda bayon etilgan: «Har bir xayrli amalga oʻn barobardan yetti yuz barobargacha savob beriladi» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarori eʼlon qilingani barcha moʻmin-musulmon yurtdoshlarimizni behad quvontirdi.

Yana bir holatni eslab oʻtish yana-da koʻproq shukr qilishimizga turtki boʻlsa, ajab emas. Avvallari Toshkent shahrida barmoq bilan sanarli masjidlarda Qurʼoni karim xatm qilinar, qorilar Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan taklif etilar edi. “Birov bilmasin”, deya uch kunda Qurʼoni karim oʻqib tugatilar edi.

Hozir yurtimizda 2 085 ta masjid faoliyat yuritayotgan boʻlsa, bu yil shulardan 1 367 tasida karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda Qurʼoni karim xatm qilinadi. Mustabid tuzumdagidek, “uch kunda xatm qilib, hech kim bilmasin” uchun emas, balki xalqimiz, ayniqsa, yoshi ulugʻ insonlar qiynalmasligi, Qurʼoni karim tilovatidan zavq olishlari uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasining tavsiyasiga binoan xatmi Qurʼonlar 27 kundan kam muddatda oʻtkazilmasligi belgilab qoʻyildi.

Toshkent shahridagi 114 ta jome masjidning barchasida 27 kun davomida moʻmin-musulmonlar Allohning kalomini sel boʻlib tinglashadi, insha Alloh. Buning uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Masjidlarimiz Ramazonga shay holatga keltirildi.

Oʻtgan yili koronavirus infeksiyasi tufayli masjidlarda taroveh namozlarini oʻqiy olmaganimiz, Qurʼoni karimni xatm qila olmaganimiz tufayli bu yil Ramazonni oʻzgacha sogʻindik, intiqlik bilan kutdik. Allohga beadad shukr, yana ezgu anʼanalarimiz davom etadi: tarovehlarda, Qurʼoni karim xatmlaridan soʻng barcha masjidlarimizda yurtimizning yana-da ravnaq topishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon boʻlishi, jannatmonand Vatanimiz gullab-yashnashi uchun Yaratganga iltijolar qilamiz. Zero, hadisi sharifda: “Roʻzadorning duosi to iftorlik qilgunicha aslo rad etilmaydi”, deyilgan (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Yoshi ulugʻ kishilar yaxshi eslashadi: mustabid tuzum davrida Ramazon oyini munosib kutib olish u yoqda tursin, hatto roʻza ham yashirib tutilar edi. Lekin, shunga qaramay, xalqimiz imonidan ayrilmagan. Sobiq tuzum musulmonlar boshida qon tomib turgan qamchisini oʻynatgan boʻlsada, moʻminlar Allohning qarzini ado etishgan. Bir tanish otaxon oʻsha paytlarda maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaganini, aynan Ramazon oyida roʻzadorlarni “tekshirish uchun kelgan” komissiya aʼzolari koʻz oʻngida pista chaqib, magʻzini yutmasdan, tupurib tashlaganini haligacha aytib yuradi.

Bugun biz qancha shukr qilsak kam. Chunonchi, har yili Ramazon oyi hamda ikkala hayit — Ramazon va Qurbon bayramlari arafasida Yurtboshimizning maxsus qarori qabul qilinishi dinimizga, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin ifodasidir.

Yana bir bor taʼkidlash joiz, masjidlarimizda taroveh namozlarini karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻqishimiz shart. Shu bilan birga, yoshi ulugʻ otaxonlar, surunkali xastaligi bor kishilar oʻzlarini ehtiyot qilishlari, tarovehlarni uylarida oʻqishlari maqsadga muvofiq boʻladi. Ular muntazam ravishda tibbiy nazoratdan oʻtib turishlari tavsiya etiladi. Chunki hali bu xavf, yaʼni koronavirus balosi toʻliq chekingani, butunlay bartaraf etilgani yoʻq.

Yana bir muhim jihat. Ayrim kishilar iftorlik qilishda dabdabaga berilib, isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyishi kuzatiladi. Qorni ochlar, yaʼni ehtiyojmand kishilar bir chetda qolib, qorni toʻqlar iftorliklarga taklif etiladi. Bu ham dinimizga mutlaqo xilof ishdir. Chunki paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Taomlarning eng yomoni qorni ochlar qolib, qorni toʻqlar chaqirilgan ziyofatdir”, deganlar.

Hazrat Alisher Navoiy ham: “O't ishi — qovurmoq, yel ishi — sovurmoq», deb, isrof qiluvchilarni qattiq tanqid etgan.

Buning oʻrniga Ramazonda qilinadigan xayrli ishlarga koʻplab savoblar berilishidan unumli foydalanib, dabdabayu isrofgarchiliklarga ketadigan xarajatlar oʻrniga yetim-yesirlar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga koʻmaklashish, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan “qoʻli kalta” talabalarning oʻquv-shartnoma pullarini toʻlash, dori-darmon ololmayotgan bemorlarga yordam berishning savobi juda ulugʻ.

Bu ezgu ishlar Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan qiyomat kuni Arsh soyasiga olinuvchi yetti toifaning oltinchisiga, yaʼni oʻng qoʻli bergan sadaqani chap qoʻli sezmaydigan kishilarga juda mos tushadi.

Bunday xayrli ishlarni qilish mazkur qarorda ham alohida taʼkidlangan.

Muxtasar aytganda, orziqib kutilgan Ramazon oyi tashrif buyurmoqda. Bu oy savob, ajr jihatidan, yillarga, ming oylarga tatiydi. Shunday ekan, har birimiz Ramazonni gʻanimat bilib, koʻngillar erigan, qalblar yumshagan damlarda Yaratgandan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini soʻrab, duoyu iltijolar qilaylik.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?