“Oʻrtasaroy” karantin markazida fuqaro oʻz joniga qasd qilganligi holati yuzasidan rasmiy bayonot berildi

13:32 22 Iyun 2020 Jamiyat
1118 0

Bosh prokuratura tomonidan “Oʻrtasaroy” karantin markazida 42 yoshli fuqaro oʻz joniga qasd qilganligi holati yuzasidan joriy yilning 21-iyun kuni internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xabar oʻrganildi.

Aniqlanishicha, Fargʻona viloyatida yashagan fuqaro S.S. 2020-yil 20-iyunda Yuqorichirchiq tumanidagi “Oʻrtasaroy” karantin markazida oʻzi yotgan xonaga oʻrnatilgan konditsionerning tashqi tomondagi parragiga choyshab bilan nomaʼlum sabablarga koʻra oʻzini osganligi oqibatida vafot etgan.

Ish hujjatlariga koʻra, S.S. 2020-yil 15-iyun kuni Oʻzbekiston havo yoʻllari tomonidan tashkil qilingan charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan va “Covid-19” koronavirusiga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida Yuqorichirchiq tumanidagi “Oʻrtasaroy” karantin markaziga joylashtirilgan va undan koronavirusga surtma olingan.

Mazkur holat yuzasidan tushuntirish bergan A.E. joriy yilning 15-iyun kuni charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yoʻnalishida Oʻzbekistonga kelganligi va “Oʻrtasaroy” karantin markaziga olib kelinganligini, shu kunning oʻzida 1 ta xonaga toʻrt kishi boʻlib kirishganligini, ularning biri yaʼni S.S. oʻzini yomon tutib kasallikka chalinganligini aytib ular bilan turishni xohlamaganligini, yarim soatlarcha xonaning hovlisida oʻtirganligini, shundan soʻng shifokorlar kelib u bilan suhbatlashib, uni alohida xonaga joylashtirganligini bayon qilgan.

Shuningdek, “Oʻrtasaroy” karantin markaziga xizmatga kelgan, Toshkent shahar Olmazor tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinika shifokori Sh.M. ning holat yuzasidan bergan tushuntirishida fuqaro S.S. karantin hududiga joylashtirilgan kundan boshlab oʻzini agressiv tuta boshlaganligini, ovqat yeyishni xohlamaganligini, virusga chalinganligini aytib u bilan birga joylashtirilgan shaxslarga kasalligini yuqtirishi mumkinligini va ular bilan birga turishni xohlamagan holda boshqa konteynerga joylashtirishlarini talab qilganligini, shundan soʻng blokda tinchlik saqlash maqsadida S.S. boshqa xonaga oʻtkazilganligini, 16-iyun S.S. psixiatr koʻrigidan oʻtganligini bayon qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Virusologiya markazi tomonidan taqdim qilingan yoʻllanma natijasiga koʻra S.S.da “Covid-19” koronavirusi aniqlanmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?