Orolboʻyida yana bir ijtimoiy shaharcha barpo etildi

16:37 11 Mart 2022 Jamiyat
487 0

Foto: Халқ сўзи

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumanida ijtimoiy shaharcha foydalanishga topshirildi. Bu yurtimizda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning turmush sharoitini yaxshilash, hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmay, orzu-maqsadlari roʻyobiga koʻmaklashishga qaratilgan insonparvarlik siyosatining yana bir yorqin ifodasidir.

8 mlrd. soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilgan ushbu shaharchada oilalarning bekamu koʻst yashashi uchun barcha sharoit yaratildi. Bolalar bogʻchasi, tikuvchilik oʻquv markazi, oilalar uchun alohida issiqxonalar, dorixona, sport zali va maydonchasi, kutubxona, doʻkon, sartaroshxona, poyabzal tikish ustaxonasi va boshqa bir qator maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etildi. Bundan tashqari bu yerda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazi ham tashkil qilingan boʻlib, shu joyning oʻzida boquvchisini yoʻqotgan keksalarga sifatli ijtimoiy xizmat koʻrsatiladi.

— Shaharchaga koʻchib kelishimizdan avval oʻn besh yil davomida ijarada yashadik, — deydi Dilnoza Rahmonqulova. — Bu orada bir farzandim miya saratoni bilan kasallanib, hayotdan koʻz yumdi. Shundan soʻng uy-joy qilishga sharoitimiz boʻlmadi, turmush oʻrtogʻim ham xastalanib, mehnatga layoqatsiz boʻlib qoldi. Dunyo koʻzimizga qorongʻi boʻlib, qiynalib yurgan kezlarimizda bizga shu shaharchadan uy berishdi. Sharoiti havas qilarlik darajada. Hozirgi kunda bir farzandimiz bilan yorugʻ kunlarga yetganimizga shukr qilib yashayapmiz. Shaharchada bir sotixlik issiqxona ham berildi. Bu bilan roʻzgʻorimizni butlashga harakat qilamiz.

Tadbirda bir necha uy-joyga muhtoj ayollarga yangi turar joylar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Ijtimoiy shaharchaning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Murat Kamalov ishtirok etdi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?