Orolboʻyi ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududiga aylanadi

12:23 23 Noyabr 2021 Jamiyat
597 0

Poytaxtimizda “Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochdi.

Xalqaro konferensiyada BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish qoʻmitasi raisi Boriy Alixonov, Megapolislarni rivojlantirish Buyuk Parij alyansi prezidenti Nikolya Bushu, YUNESKO Bosh direktorining ilm-fan boʻyicha yordamchisi Shamila Nair-Beduel xonim, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov tabrik soʻzlari bilan chiqish qildi.

Taʼkidlanganidek, Orol dengizi inqirozi mintaqadagi millionlab odamlarning hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Keyingi 55 yilda mazkur dengizning qurigan qismida 5,2 million gektarlik «Orolqum» deb nomlangan yangi choʻl paydo boʻldi.

Dunyoning boshqa choʻllarida boʻlgani kabi bu yerda ham insonning toʻkis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bioxilmaxillik va ekotizimni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar yetarli emas. Shu bois ham 2021-yil 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

Bu rezolyutsiyaga asosan ekologik innovatsiya va texnologiyalar hamda yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan koʻp marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolboʻyi hududini ekologik va inson inqirozi bilan bogʻliq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish boʻyicha strategik yoʻnalishlar va ustuvor loyihalar belgilandi.

Xalqaro konferensiyada asosiy eʼtibor, dunyo tajribasidan kelib chiqib, Orolboʻyida innovatsiyalar va ekologik toza texnologiyalarni, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, choʻllanishning oldini olish va ekologik turizmni rivojlantirishga qaratildi.

Eʼtirof etilganidek, BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasi va davlatimiz rahbari tashabbusidan kelib chiqib, mamlakatimizda bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi hamkorligida BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi, YUNISEF, Islom taraqqiyot banki, ICBA xalqaro markazi bilan yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Tunis, Shveysariya va Kanada davlatlari olimlari bilan birga Orolboʻyining shoʻrlangan va qurgʻoqchil yerlarida ilmiy hamkorlik ishlari olib borilyapti.

Orolboʻyida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18 ta oʻsimlikni va mahalliy yovvoyi oʻsimliklar florasi namunalarini madaniylashtirish boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 10 xildan ortiq tuproq namunasi asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi. “Oroldagi mening bogʻim” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi va hozirgi kunda koʻrgazma uchastkalarida 5 ming 126 dan ortiq dekorativ hamda choʻlga chidamli daraxtlar ekilgan.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar koʻmagida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazida bir qator loyihalar izchil roʻyobga chiqarilayotir. Jumladan, YUNISEF tashkiloti hamkorligida “ImkonLab” dasturi doirasida Moʻynoq, Boʻzatov, Qoʻngʻirot, Nukus tumanlari yoshlari startap loyihalariga yordam koʻrsatildi. Tunisning Chahbani Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi innovatsion tuproq ostidan sugʻorish irrigatsiya tizimi joriy etilmoqda. Xitoy Fanlar akademiyasiga qarashli Sinszyan ekologiya va geografiya instituti koʻmagida suvni tejash texnologiyasi asosida makkajoʻxori va paxta hosildorligini koʻpaytirish tajribalari oʻtkazilmoqda.

Tadbirda ushbu xalqaro konferensiyada Yaponiya bilan Satreps dasturi doirasida ilmiy-tajriba ishlariga hamda Germaniya bilan Client III dasturi doirasida yangi qoʻshma tanlovga poydevor qoʻyilayotgani maʼlum qilindi.

Konferensiya yakunlaridan kelib chiqib, Orolboʻyi mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga hamda innovatsion rivojlanishning zaruriy infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlariga alohida eʼtibor qaratiladigan, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish tashabbusi dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladigan boʻldi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер