Oraliq natijalar sarhisobi va hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari

22:03 19 Noyabr 2020 Jamiyat
228 0

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, BMTning Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi vakillari bilan uch tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi, Davlat xizmatlari agentligi va Oʻzbekistondagi BMTTDning “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim yetishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Xususan, loyihaning 2019-2020-yillarda erishgan yutuqlari va COVID-19 pandemiyasi paytida davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish hamda yaqin kelajakda davlat xizmatlarini raqamlashtirishga yoʻnaltirilgan loyihaning keyingi rejalari koʻrib chiqildi.

BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska pandemiyasi davrida raqamli texnologiyalarning roli va ahamiyati sezilarli darajada oshganligini taʼkidlab oʻtdi.

Matilda DIMOVSKA,
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili:

— COVID-19 pandemiyasi davrida raqamli texnologiyalarning roli hamda ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Yuqori sifatli hamda barqaror raqamli tizimlar karantin davrida davlat xizmatlarini samarali yetkazib berish hamda fuqarolarning masofadan turib davlat bilan oʻzaro aloqalarini taʼminlash uchun juda muhim vosita.

Shuningdek, uch tomonlama uchrashuv doirasida ISO 9001 va ISO 27001 xalqaro standartlari boʻyicha oʻtkazilgan kurslarning ishtirokchilarini tegishli sertifikatlar bilan taqdirlashning rasmiy marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Aytish joizki, davlat xizmatlari agentligida ISO 9001 va ISO 27001 xalqaro standartlariga muvofiq integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish davlat xizmatlari sifatini koʻtarish va tashkilot samaradorligini oshirishga, shuningdek, kadrlar boshqaruvini takomillashtirishga hissa qoʻshishga, bu bilan esa, mijozlar ehtiyojlarini qanoatlantirish va fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yana-da oshirishga koʻmaklashadi.

ISO 9001 va ISO 27001 xalqaro standartlari talablarini oʻrgatish uchun 2020-yil 5 — 20-oktyabr kunlari DXA va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari uchun oʻquv kurslari tashkil etildi. Trening yakunida barcha 29 ishtirokchi ushbu kurs uchun malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirdilar.

Oʻzbekiston hukumatining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun mazkur qoʻshma loyiha Agentlik va uning hududiy boshqarmalarini aholiga elektron davlat xizmatlari sifati va qulayligini oshirishga qaratilgan zamonaviy raqamli vositalar bilan jihozlashga yordam beradi.

Xususan, respublika boʻylab FHDYO arxivlarini raqamlashtirish uchun umumiy qiymati 1,2 million AQSH dollarilik 12 ta V-shaklidagi skanerlar, serverlar va boshqa uskunalar sotib olinib, oʻrnatildi. FHDYO tizimi qaydlari uchun arxivlangan maʼlumotlarning yaxlitligi va xavfsizligini taʼminlash uchun blokcheynga asoslangan tizimlar ham joriy qilinmoqda. Bundan maqsad barcha qogʻozli arxivlarni maʼlumotlarni avtomatik ravishda olish va qayta ishlashga imkon beradigan yagona maʼlumotlar bazasi asosidagi elektron yozuvlarga aylantirishdir.

Shuningdek, mazkur qoʻshma loyiha Prezidentimizning “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligiga davlat xizmatlarini koʻrsatishni masofadan onlayn rejimda kuzatib boruvchi Vaziyatlar markazini yaratish va jihozlashda yordam beradi.

Ushbu tashabbus uchun jami 300 000 AQSH dollari jalb qilindi. Barcha 201 ta davlat xizmatlari markazlarida onlayn rejimda davlat xizmatlari koʻrsatilishining monitoringini taʼminlash, shuningdek qarorlarni yana-da samarali qabul qilish uchun maʼlumotlarni avtomatik ravishda yigʻish, qayta ishlash va koʻrinarli formatga oʻtkazish uchun “Business Intelligence” sinfining biznes-tahlil tizimi ishlab chiqilmoqda.

Ulugʻbek MUHAMMADIYEV,
Davlat xizmatlari agentligi direktori:

— Surxondaryo viloyati (Sariosiyo tumani), Qashqadaryo viloyati (Dehqonobod tumani), Jizzax viloyati (Baxmal tumani), Sirdaryo viloyati (Xovos tumani) va Toshkent viloyatidagi (Nurafshon shahri) Davlat xizmatlari markazlari tajriba tariqasida talab olinib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun mazkur qoʻshma loyiha umumiy qiymati qariyb 178 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi 200 dona axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini (serverlar, shaxsiy kompyuterlar, tarmoq va telekommunikatsiya qurilmalari, videokuzatuv moslamalari, foydalanuvchi bilan aloqa mexanizmlari va boshqalar) sotib olib, Agentlikka taqdim qildi.

Shuningdek, ayni paytda yuqoridagi 5 ta tajriba markazlaridagi konditsioner qurilmasi uchun mebel va uskunalar sotib olish ishlari olib borilmoqda. Tajriba uchun tanlangan hududlarda kamida 5 ta yangi davlat xizmatlari markazlarining texnik salohiyatini oshirish orqali BMT Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqi aholining ishonchini oshirish va DXM orqali, ayniqsa, qishloq joylarda, davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarining barqarorligini taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Taʼkidlash kerakki, qoʻshma loyiha Oʻzbekiston hukumatining 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini avtomatlashtirish uchun joriy etiladigan “Litsenziya” axborot tizimini rivojlantirish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Ushbu tashabbus doirasida “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim yetishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi Oʻzbekistonda raqamli tizimga oʻtishni faol ravishda targʻib qilmoqda.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?