Oʻquvchilarni tashqariga kurtkasiz chiqarib qoʻygan maktab direktori va uning oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi

10:49 23 Noyabr 2020 Jamiyat
1277 0

Joriy yilning 21-noyabr kuni “Andijonda maktab oʻquvchilari kurtkasiz tashqariga chiqishga majbur boʻladi” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan munosabat bildirildi.

"Mazkur xabar yuzasidan Andijon viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib holat oʻrganildi. Oʻrganish yakunlari boʻyicha quyidagilar maʼlum boʻldi:

1. Joriy yilning 19-noyabr kuni Andijon shahridagi 43-umumtaʼlim maktabiga “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” shiori ostida mamlakatimizda koʻzga koʻringan ziyolilar, sanʼat, fan-madaniyat xodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targʻibot guruhi tashrif buyurgan.

2. Targʻibot guruhi vakillari tashrifidan xabardor boʻlgan oʻquvchilar (soat 11:25)da ularni kuzatish maqsadida yoʻlakka chiqishgan. Oʻtkazilayotgan tadbirning fotoalbomini yaratish maqsadida mahalla faollari va maktab maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari ularni rasmga olgan. Ishchi guruh rasmdagi bolalar bilan qilgan suhbatida mana shu suratga olish vaqtida 2-3 daqiqa tashqarida qolishganligi, soʻng ustozlari tomonidan tanaffus vaqti tugamasdan (soat 11:35gacha) ularni sinf xonalariga kirishlari soʻralganligi taʼkidlandi.

3. Ishchi guruhning rasmdagi oʻquvchilar va ota-onalar bilan suhbati jarayonida mazkur holatda farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmaganligi sababli eʼtirozlari yoʻq ekanligini taʼkidlashdi.

Yakuniy xulosaga koʻra: har bir oʻquvchining maktabdagi vaqtidagi salomatligi va xavfsizligiga keng jamoatchilik vakillari, blogerlardan ham koʻproq taʼlim sohasi vakillari jon kuydirishlari zarur ekanligini hisobga olib 43-umumtaʼlim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi (D.Nasirdinov), maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari (S.Ismanova)lar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi barcha tizimda faoliyat olib borayotgan rahbarlar, oʻqituvchilar va xodimlardan maktabdagi oʻquvchilarning har biriga oʻz farzandidek daxldorlik tuygʻusida yondashishni, ularning sogʻliklari va xavfsizliklariga taʼsir koʻrsatuvchi mana shunday holatlarga yoʻl qoʻymasliklarini soʻrab qoladi" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?