Oʻquvchilarga jamoat transportida tekin yurish huquqini beraylik — deputat

22:57 21 Yanvar 2021 Jamiyat
514 0

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirish uchun “Hokim stipendiyasi” joriy qilishini maʼlum qildi. 

Hozircha uning miqdori qanchaligi aniq boʻlmasada, bu ezgu tashabbus yoshlarga motivatsiya berishi turgan gap, deya yozmoqda OʻzMTDP deputati Jahongir Ziyayev.

"Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash haqida gap ketar ekan, menimcha, oʻquvchilarning jamoat transportida bepul yurish masalasini hal qilish vaqti keldi. Koʻplab davlatlarda oʻz fuqarolariga shunday huquq berilgan bir paytda, kelajagimiz egalariga bunday imkoniyatni yaratmayotganimiz ajablanarli.

Masalan, Lyuksemburgliklar uchun transportda yurish bepul. Estoniya poytaxti Tallinda esa 2013-yildan buyon odamlardan yoʻlkira soʻralmaydi. Shveysariya, Avstraliya, Fransiya, AQSH, Xitoy, Malayziya... Roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Bu shaharlarda tirbandlik muammosini hal qilish bilan birga, soliq toʻlovchilar sonining keskin koʻpayishiga ham sabab boʻlgan ekan.

Maʼlumki, hech qaysi davlatda jamoat transporti oʻz xarajatlarini deyarli qoplamaydi. Soha byudjetdan subsidiya yoki imtiyozli kredit ajratish orqali qoʻllab-quvvatlanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham.

Oʻquvchilardan yoʻlkira olganimiz bilan baribir plan bajarilmas ekan, unda farzandlarimizga shunday imkoniyatni beraylik. Bu bilan yoshlarimizning bilimini yana-da oshirishga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Chunki qanchadan qancha oʻquvchilar qoʻshimcha taʼlim olish uchun u yoqdan-bu yoqqa yuguradi. Yoʻlkirani oʻylab, bora olmayotganlar qancha?

Shu oʻrinda yana bir gap: shahar transportidan bepul foydalanuvchilar roʻyxatiga oyiga 3-4 million soʻm maosh oladigan ichki ishlar xodimlari kiritilmagan boʻlsada, negadir “konduktor”lar ulardan yoʻlkira soʻramaydi. Ammo puli yoʻq oʻquvchilar yo avtobusdan tushirib yuboriladi yoki “yaxshi” gaplar bilan siylanadi", deydi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?