Oʻquvchilar oʻrtasida matematika boʻyicha “Qoʻqon olimpiadasi” oʻtkaziladi. Gʻoliblarga "Neksiya" va “Kobalt” beriladi

10:45 18 Yanvar 2021 Jamiyat
20857 0

Bu haqda Qoʻqon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod ­MUSTAFOQULOV “Xalq soʻzi” muxbiriga bergan intervyusida aytib oʻtdi.

— Murojaatnomada belgilangan vazifalarni, xususan, aniq fanlarni rivoj­lantirishga oid takliflarni amaliyotga keng tatbiq etish, iqtidorlilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida universitetimizda respublika umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida matematika fanidan “Qoʻqon olimpiadasi”ni uyushtirmoqchimiz, — dedi rektor. — Bu borada “Qorakoʻl ziyo” nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Aytib oʻtishim lozimki, mazkur “Qoʻqon olimpiadasi” xususiy sektor vakillari tomonidan ilk marotaba tashkil etilmoqda. Shuni inobatga olib, buning zamirida kelajakda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga koʻtarish maqsad qilingan. Qolaversa, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat orasida, xususan, ilm-fan olamida oʻziga xos nufuzini oshirishga xizmat qiladigan isteʼdodli yoshlarni kashf etish ham koʻzda tutilgan.

Zero, mamlakatimiz rahbarining yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha daʼvatlari, yaʼni “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoyasini amalga oshirish barchamizning, jumladan, sohaga daxldor boʻlgan har qanday kishining burchi hisoblanadi.

Yana shuni aytish joizki, universitetimizda oʻtkaziladigan “Qoʻqon olimpiadasi” yosh matematiklarni aniqlash va ularning yuksak parvoziga zamin yaratuvchi oʻziga xos pillapoya vazifasini oʻtaydi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Shunday ekan, uni oʻquvchilar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylantirish uchun barcha chorani koʻramiz. Bunga im­koniyatlarimiz yetarli.

Zotan, bunday fan bellashuvlari kelgusida bilimdon yoshlar safini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi. Matematikadan bilimi yuqori boʻlgan avlod bilan esa davlatimiz barcha jabhada yuqori natijalarga yana-da tezroq erishadi.

“Qoʻqon olimpiadasi” umumtaʼlim maktablarining 5, 6, 7, 8, 9 va 10, 11-sinflari, akademik litseylarning 1, 2-bosqich oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni ­rivojlantirish agentligiga qarashli taʼlim muassasalari, nodavlat oʻquv dargohlarining 5 — 11-sinf oʻquvchilari ham qatnashishlari mumkin.

Olimpiada ikki bosqichda tashkil etilib, hududiy bosqich viloyatlar kesimida joriy yilning 14-fevral kuni Davlat test markazi tomonidan maxsus tuzilgan testlar asosida amalga oshiriladi.

Bunda oʻquvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadi. Ishtirokchilar www.olimpiada.kokanduni.uz sayti orqali 10-fevralga qadar onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtishlari lozim boʻladi.

Respublika bosqichi esa Qoʻqon universitetida shu yilning 13-14-mart kunlari oʻtkaziladi. Yakunlovchi bosqichda Davlat test markazi javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball toʻplagan 5 nafar oʻquvchi-nomzod tanlab olinadi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mazkur bosqich “Qorakoʻl ziyo” nodavlat taʼlim muassasasi mutaxassislari, yaʼni turli yillarda matematikadan xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari tomonidan tuzilgan ikki pogʻonali test usulida tanlov asosida tashkil etiladi. Ushbu olimpiada investitsion motivatsiya asosida yosh matematiklarning seleksiyasini amalga oshirish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish, nufuzli oliy oʻquv yurt­larida tahsil olishlariga koʻmaklashish hamda shu asosda texnika taraqqiyotining jadallashishiga zamin yaratadi, deb ishonamiz.

“Olimpiada gʻoliblarini qanday sovgʻalar kutmoqda?” degan savolga rektor quyidagicha javob berdi:

— Olimpiada gʻoliblarini munosib mukofotlash rejamizda bor. Shu maqsadda birinchi guruh (5, 6, 7-sinflar) oʻquvchi-talabgorlari oʻrtasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan nomzodga «Neksiya» avtomobili, ikkinchi guruh (8, 9-sinflar) oʻrtasida birinchilikni egallaganga ham «Neksiya», uchinchi guruhda (10, 11-sinflar, akademik litseyning 1, 2-bosqich) birinchilik uchun esa “Kobalt” avtomobili ­sovgʻa qilinadi.

Bu hali hammasi emas. Barcha guruh boʻyicha birinchi oʻntalik roʻyxatidan joy olgan nomzodlarga Qoʻqon universitetida grant asosida oʻqishga qabul qilish “Investitsion vaucher”i taqdim etiladi. “Qorakoʻl ziyo” nodavlat oʻquv muassasasi tomonidan esa guruhlar boʻyicha 1, 2, 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan oʻquvchi-nomzodlarga matematika hamda boshqa fanlardan qoʻshimcha bilim olish huquqini beruvchi bir yillik bepul oʻqish bonusi ham taqdim etiladi. Quyi sinf oʻquvchilari gʻoliblikni qoʻlga kiritsa, ular ilm-fanga yoʻnaltirilib, tizimli ravishda universitetga tayyorlab boriladi. Eng asosiysi, olimpiada natijalarini baholashda, gʻoliblarni aniqlashda, albatta, adolat mezonlari ustuvor boʻladi.

Darvoqe, “Qoʻqon olimpiadasi”ni tashkil etish va oʻtkazish orqali yoshlar orasida “Bilim — insonni ulugʻlaydi”, degan shior keng targʻib qilinishi bilan birga, gʻoliblarning erishgan yutuqlarini jamoatchilik oʻrtasida ­yoritish evaziga oʻgʻil-qizlarga yana-da koʻproq ­motivatsiya berish ham maqsad qilingan. Bu esa oʻquvchi-yoshlar, talabalar orasida ilm olishga boʻlgan qiziqish va intilishlarini yana-da ­kuchaytiradi.

Shu oʻrinda, davlatimiz rahbari alohida taʼkidlagan, yaʼni buyuk mutafakkir shoirimiz ­Alisher Navoiyning oʻz davrida yoshlarga qarata aytgan quyidagi murojaati koʻz oldimga keldi: «Quyoshliq istasang, kasbi kamol et».

Zero, insonlarga quyosh kabi ziyo nurini ta­ratishni, yaxshilik qilishni istaydigan har bir fuqaro kelajakka, kamolotga intilib, ilm va kasb-hunarlarni puxta egallashi lozim. Bu oldimizga eng katta maqsad qilib qoʻyilgan — mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda unga erishishimizda gʻoyat muhim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?