Oʻquvchilar 3 kun anʼnaviy va 3 kun masofaviy tizimda oʻqishi kerakmi? — “Adolat” SDP maktablar boʻyicha hukumat maxsus komissiyasiga takliflar yubordi

13:06 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
285 0

Oʻquvchilar 3 kun anʼnaviy va 3 kun masofaviy tizimda oʻqishi kerakmi? — “Adolat” SDP maktablar boʻyicha hukumat maxsus komissiyasiga takliflar yubordi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhlari tomonidan umumtaʼlim maktablaridagi tayyorgarlik, taʼlim muassasasi xodimlari va oʻquvchilarning xavfsizligi boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Oʻrganish natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, baʼzi umumtaʼlim maktablarida tayyorgarlik, kerakli boʻlgan himoya vositalarini xarid qilish ishlari mutasaddi rahbar va homiylar tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan birgalikda, hududlarda masʼul shaxslarning eʼtibori hali yetarli darajada emasligi, ishlar bir xilda tashkil etilmaganligi maʼlum boʻldi. Natijalarga koʻra, oʻquv davrida muassasa xodimlari va oʻquvchilarning xavfsizligini toʻliq taʼminlash uchun aniq vazifa va hisob-kitoblar toʻliq qilinmagan.

Hayot tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, oʻquv jarayoniga jalb qilingan oʻqituvchi, mutaxassislar COVID 19 va boshqa respirator kasalliklar bilan kasallanganligi oqibatida oʻquv jarayonida oʻqituvchilarning yetishmasligi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlari maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi uchun quyidagi masalalarni kiritmoqda:

— Umumiy dars yuklamalarini qisqartirib, aniq fanlarga koʻproq eʼtibor qaratish kerakligi;

— Umumtaʼlim maktablarida ijtimoiy masofa va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda taʼlimning anʼanaviy holda davom ettirish imkoniyati yoʻqligi sababli anʼanaviy va masofaviy turlarini parallel olib borish yaʼni, guruh oʻquvchilarini 2 smenaga ajratgan holda 3 kun anʼnaviy va 3 kun masofaviy tizimga oʻtish;

— Pedagog va oʻquvchilarga himoya vositalarini byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplash;

— Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun issiq ovqat tashkil etish (ijtimoiy masofa va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda);

— Har bir umumtaʼlim muassasalarida tibbiyot xonasi, tibbiyot xodimlari va birlamchi talab etiladigan dori vositalari bilan taʼminlash.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi Oʻzbekiston “Adolat” SDP deputatlik korpusi nomidan yuqoridagi masalalar ijobiy hal etilishida amaliy yordam berilishini soʻrab, hukumat maxsus komissiyasiga taklif yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?