Oʻquvchi xalqaro olimpiadada gʻolib boʻlsa, 122,5 mln soʻmgacha mukofot beriladi — XTV

18:05 27 Aprel 2021 Jamiyat
803 0

Kuni kecha 55- Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida 7 nafar oʻquvchi gʻoliblikni qoʻlga kiritgani haqida xabar bergandik. 

Mazkur xabar ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan gʻoliblarning ragʻbatlantirilishi yuzasidan savollarni keltirib chiqardi.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda Fan olimpiadalari gʻoliblari qanday ragʻbatlantiriladi? Ushbu savolga XTV javob berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq fan olimpiadalari gʻoliblarini ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etildi.

Mazkur qarorga koʻra faqatgina quyidagi dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO)),

Xalqaro fizika olimpiadasi (International Physics Olympiad (IPhO)),

Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO)),

Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)),

Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics (IOI))

1-oʻrin (oltin medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 450 baravar (110,25 mln. soʻm);

2-oʻrin (kumush medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 250 baravar (61,25 mln. soʻm);

3-oʻrin (bronza medal) uchun – oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –150 baravarida (36,75 mln. soʻm).

Xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar va taʼlim muassasasi direktorlari navbatdagi oʻquv yili uchun direktor jamgʻarmasidan quyidagicha qoʻshimcha ustama oladilar:

1-oʻrin (oltin medal) uchun – 200%;

2-oʻrin (kumush medal) uchun – 175%;

3-oʻrin (bronza medal) uchun – 150%.

Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan oʻquvchilar Oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

‼️Taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi toʻlanadi.

Shuningdek, yuqorida nomlari qayd etilgan nufuzli olimpiadalardan tashqari oʻtkaziladigan xalqaro olimpiadalardagi oʻquvchilarning ishtiroki ham ragʻbatlantirib borilmoqda. Xususan 2021-yil davomida oʻtkazilgan Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi, Xalqaro Jautikov olimpiadasi hamda Kavkaz matematika olimpiadalarida gʻolib boʻlgan 21 nafar oʻquvchining barchasiga yaqin kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi sifatida monoblok, oltin medal sohiblariga qoʻshimcha ravishda televizorlar beriladi.

Bundan tashqari Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan tashkilotlardan ham qoʻshimcha sovgʻalar berilishi koʻzda tutilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер