“Oqila ayollar” harakati tashkil etilаdi

13:35 09 Avgust 2022 Jamiyat
286 0

Foto: president.uz

Vazirlar Mahkamasining “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.

Harakatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

– jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirishga qaratilgan tizimli targʻibot- tashviqot ishlarini olib borish;

– mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyati, ibratli ota-ona boʻlishning ahamiyati, maʼrifatli jamiyatni qurishda maʼrifatli onalarning rolini keng targʻib qilish;

– ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuygʻularini singdirish, “odobli qiz” va “maʼrifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar maʼnaviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targʻib etish, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlashga koʻmaklashish;

– yoshlar oʻrtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʻlish masalalarini hamda “Oila - muqaddas” tushunchasini keng targʻib qilish;

– xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushuntirish.

Harakat, qoida tariqasida, Qoʻmitada - 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida - 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlarida - 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat Harakatning boshlangʻich guruhlari tashkil etiladi;

Qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari tegishlicha Qoʻmita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)larda “Oqila ayollar” harakati faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan masʼul hisoblanadi;

Harakat va uning boshlangʻich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar Harakat tomonidan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirish yoʻnalishida amalga oshirgan ishlarining natijadorligiga koʻra jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ragʻbatlantirib boriladi.

Bunda faol va tashabbuskor ayollar faoliyati natijalari boʻyicha tegishlicha Qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari tavsiyasiga asosan davlat mukofotlari, “Moʻtabar ayol”, “Mahalla iftixori”, “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni va boshqa esdalik, koʻkrak nishonlari, idoraviy mukofotlarga tavsiya etilishi, shu jumladan, sanatoriylarda davolanish uchun yoʻllanmalar berilishi mumkin.

Harakat tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar ichidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan Harakat (boshlangʻich guruh) yetakchisi saylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?