Onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash jarayonlaridagi muammolar va yechimlar muhokama qilindi

22:28 03 Mart 2021 Jamiyat
505 0

2021-yil 3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari bilan hamkorlikdagi “Onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash jarayonlaridagi muammolar va yechimlar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Senat aʼzolari, ekspertlar guruhi va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati va hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, sohaga oid mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida davlatimiz rahbarining Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida 2021-yilda tibbiyot sohasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida onkologik kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan alohida ishlash tizimini joriy etish boʻyicha vazifalar ijrosi, onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash jarayonidagi muammolar, onkologiya boʻyicha malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, respublikadagi onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalarni zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlanish darajasi kabi masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, onkologik kasalliklarni davolashda aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlar bildirilayotganligiga eʼtibor qaratildi. Xususan, tibbiy xizmat sifatining pastligi, shifoxonalarda oʻrinlar yetishmasligi, davolash sifatining pastligi va muolajalar olish uchun navbatlarning koʻpligi, soha boshqaruvidagi ziddiyatlar va korrupsiya holatlarining mavjudligi kabilar tanqid ostiga olindi. Sogʻliqni saqlash vazirligi va mutasaddilar tomonidan muammolarni bartaraf etish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilayotganligi yuzasidan savollar oʻrtaga tashlandi.

Davra suhbatida Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh onkologi, onkogematologi va bolalar onkologi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar borasida taqdimotlar qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, kelgusida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash sohasini rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?