Oʻngʻorda oilaviy korxona yozda salqin, qishda issiq 26 juft oʻtovdan iborat dam olish maskani barpo etdi

09:15 09 Noyabr 2020 Jamiyat
295 0

Namanganning shimoliy hududida joylashgan Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Qizilyozi qishlogʻi betakror manzaralari, sof havosi bilan eʼtiborni tortadi. Keyingi paytlarda bu yerda ichki turizm rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur sohadagi istiqbolli loyihalardan biri Gʻulomjon Burxonovning oilaviy korxonasi tomonidan amalga oshirildi. Tadbirkor tasarrufidagi 2 gektar maydonda tashkil etilgan Oʻngʻor dam olish maskani gastronomik etno sayyohlik yoʻnalishida xizmat koʻrsatadi. Bu yerda qisqa vaqt ichida shinam oʻtov uylar, kottej va kemping tipidagi mehmon uylari qurildi. Milliy anʼanalar asosida tiklangan 26 juft oʻtov uy, ayniqsa,sayyohlarga maʼqul tushishi tabiiy. Ikkita katta-kichik oʻtovdan iborat hovlilarda oʻchoq, qozon, mangal bor. Televizor, muzlatgich va boshqa vositalar bilan jihozlangan xonalardagi pol ostidan isitish moslamasi qishda ham zarur haroratni taʼminlab beradi. Kichikkina choʻmilish havzasi esa yozning issiq havosida asqatadi.

Dam oluvchilar taomnomasiga beshbarmoq va boshqa milliy taomlar, suzma, qurut, turshak, mayiz, asal, qazi singari yeguliklar, shifobaxsh qimiz kiritilgan. Darvoqe, bu yerda viloyatda yagona payntbol maydoni ham ishga tushirildi.

— Loyiha ijrosi uchun bankning 5 milliard soʻm miqdordagi imtiyozli krediti hamda 2 milliard soʻm oʻz mablagʻimizni sarfladik, — deydi oilaviy korxona rahbari Gʻ. Burxonov. — Bu bilan yiliga 20 mingdan ziyod mehmonni kuzatish imkoniyati yuzaga keldi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?