“Onajon, siz yashashingiz kerak...” Yoki Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi choʻntagida asrab yurgan xat tafsiloti

17:23 18 May 2021 Jamiyat
946 0

Qamashi tumanidagi 4-Mehribonlik uyiga borganimda 15-16 yoshlardagi bir qiz menga qarab, «Amakijon, onamni juda sogʻindim» dedi. Dafʼatan aytilgan bu ogʻriqli soʻroq egasiga qay taxlitda taskin berishni bilmay oʻylanib qoldim. Kipriklarim orasidan sizib chiqqan yoshni harchand yashirishga urinmay uddalay olmadim.

U qiz esa choʻntagidan bir qogʻoz chiqarib menga uzatdi.

— Onamga yozgandim, shuni bir oʻqib chiqing, — dedi.

— Axir bu xat onangizga atalgan-ku!

— Hamma onalarga atalgan, bemalol oʻqiyvering, — dedi u koʻzlarida oqayotgan yoshni tiya olmay.

«Onajon, men uzoqda — Mehribonlik uyida ekanligim tufayli kasalxonaga borib sizni koʻra olmadim, faqat qoʻlimni duoga ochib, sizga sogʻlik tilab turibman. Mening Qamashidagi Mehribonlik uyida tarbiyalanayotganim uchun siz hech ham aybdor emassiz. Sizning onalik mehringiz kuchli ekanini juda yaxshi bilaman. Orzularingiz ham juda koʻp edi. Bizlarni oʻqitish, odam qilish, elga qoʻshish, baxtli oila boʻlib yashash sizning eng ulugʻ niyatingiz edi. Afsuski... sizning peshonangizga taqdir shunday qora kunlarni soldi. Sizning ogʻir xastaligingiz oilamizga begona bir ayolning suqilib kirishiga olib keldi. Xasta ayol va 3 farzand mehri ham tosh yurakni erita olmadi. Onajon, siz, men va akam koʻchada — nochorlik iskanjasida qoldik. Boshqa bir oila esa xuddi begonadek edi bizlarga. Oʻrtadagi sovuqlik sizning kasalingizni yana-da zoʻraytirdi. Boyaqish qarib qolgan buvimning bizlarni boqishga qurbi yetmasdi. Keyin mening borar manzilim Mehribonlik uyi boʻldi.

Onajon, sizni juda sogʻindim. Siz yashashingiz kerak, Sizni men Hajga yuboraman, nasib etsa, Hoji ona boʻlasiz. Odamlarga onajonimni duo qilinglar deyishdan sira charchamayman...»

Bir xatga, bir Nigoraga (nomi oʻzgartirilgan) qarab, chuqur oʻyga choʻmdim. Nigora esa yoshli koʻzlari bilan iltijo qilardi:

— Onamda ayb yoʻq, onam meni bu yerga kelishimni istamagan.

— Bilaman, sening onang dunyodagi eng mehribon ayol, u albatta, sogʻayib ketadi, uzoq umr koʻradi, — deya uni bagʻrimga bosdim. Shunda uning koʻzlarida quvonch porladi. Onasi haqida aytilgan har bir yaxshi gap farzand dilini yayratib yuborishiga yana karra amin boʻldim.

— Mana bu kishi mening dadajonim, — deydi u Mehribonlik uyi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Roʻziboy Abdiyevni koʻrsatib. — Mehribonlik uyidan qochib ketaman, deganimda dadajonim “sen bu yerdan qochib ketishing mumkin, lekin oʻzingdan qochib keta olmaysan” deganlar. Shunda men oʻzligimni anglab yetganman. Yashashga ishtiyoqim ortgan. Yaxshi oʻqib, institutlarga kirishni, zoʻr mutaxassis boʻlishni, onamni eng badavlat ayol qilishni orzu qilganman.

Roʻziboy aka ham Nigorani bagʻriga bosib, “oʻzimni qizim deganman, to umrimning oxirigacha otalik vazifasini bajaraman” dedi. Eh-he, Roʻziboy aka 31 yildan buyon Mehribonlik uyida ishlab, ne-ne otasiz, onasiz farzandlar boshini silagan, xuddi oʻz otasidek, turmushga uzatgan, uylagan, toʻylarida davraning toʻrida oʻtirgan.

— Bolalar meni oʻzining otasiday koʻrganidan juda quvonaman, — deydi Roʻziboy aka. — Bola kimgadir suyanishi kerak-ku! Unga suyanch boʻla olish ham katta masʼuliyat talab etadi. Ulgʻaya boshlagach, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatsangiz, albatta, yaxshi odam boʻlib chiqadi. Mana, bizda tarbiyalangan Boburjon oshpazlikka qiziqdi. Shu sohada texnikumni bitirdi. Dastlab Toshkentdagi restoranlarning birida yordamchi oshpaz boʻlib ishladi. Keyinchalik Termizda faoliyatini davom ettirdi. Bilasizmi, hozir uning 7 ta restorani bor. Katta tadbirkor boʻldi. Har bayramda Mehribonlik uyiga sovgʻa-salom bilan kirib keladi. Shu bola ham meni xudda otasiday koʻradi. Men ham oʻzimning farzandimday uning yutuqlaridan quvonaman, bolalarini nabiralarimday erkalayman.

Hozirgi kunda Mehribonlik uyida 131 nafar 4-16 yoshgacha boʻlgan bolalar tarbiyalanmoqda. Yashash, dam olish, ovqatlanish, sport bilan shugʻullanish uchun hamma sharoitlar yaratilganini koʻrdim. Ammo bir jihat meni juda oʻylantirib qoʻydi. Tarbiyalanayotgan bolalarning 30 nafarining ota-onasi yoʻq, xolos. Qolganlarining ota-onasi hayot va ular turmush qiyinliklarini va oilaviy muammolarni bahona qilib, farzandlarini mehrdan mosuvo qilishmoqda.

— Ota-ona oʻzi qilgan xatoni bir kunmas bir kun tushunib yetadi, farzandini qoʻmsaydi, — deydi Mehribonlik uyi direktori Gulbahor Hamidova. — Bunga shu yilning boshidan to hozirga qadar 54 nafar ota-ona farzandini Mehribonlik uyidan olib ketganini misol qilib keltirish mumkin. Farzandlarning quvonganini, bizlarni quchoqlab yigʻlaganini aytmaysizmi? Baribir ota-ona mehri boshqacha. Uning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi. Yil sayin Mehribonlik uylarining qisqarib borayotgani ota-onalar oʻz masʼuliyatini yana-da chuqurroq his qilayotganidan dalolat berib turibdi. Yaqinda Kitobdagi Mehribonlik uyi tugatilib, tarbiyalanuvchilari bizga olib kelindi. Undan oldin Qarshi shahridagi Mehribonlik uyi ham oʻz faoliyatini tugatgan edi. Maqsadimiz bitta: har bir bola ota-ona ogʻushida, oila bagʻrida oʻsib-ulgʻaysin, kamolga yetsin.

Sen shunday yashaginki, noming tilga olinganda, farzandlaringning yuzi yerga qaramasin... Sharq faylasuflaridan birining bu ibratomuz gapini farzand oʻstirayotgan har bir ota-ona yodda tutishi lozim. Zero, mehrning bozori yoʻq, uni sotib olib boʻlmaydi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?