Onalar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

22:46 17 Iyun 2022 Siyosat
536 0

Foto: president.uz

Prezidentimizning Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrifi chogʻida onalik va bolalikni himoya qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimiz aholisining 20 millionini bolalar va tugʻish yoshidagi ayollar tashkil etadi. Ularning salomatligini alohida eʼtiborga olish maqsadida shu yildan barcha tuman va shaharlardagi koʻp tarmoqli poliklinikalarda bolalar boʻlimi tashkil etildi. Kunu tun ishlaydigan pediatr shoshilinch postlari va bolalar reanimatsiya boʻlimlari qayta tiklandi.

Tugʻruq kompleksi va perinatal markazlar, ayollar maslahatxonalari tomonidan yiliga 850 ming nafar homiladorlarga malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Barcha markaziy poliklinikalarda “Onko-nazorat” xonalari tashkil etilib, 35 yoshdan oshgan ayollar har yili skrining tekshiruvidan oʻtkazilmoqda. Bu ayollarda saraton kasalliklarini erta aniqlash imkoniyatini 10 barobarga oshirdi.

Bu ishlar natijasida soʻnggi olti yilda onalar oʻlimi intensiv koʻrsatkichi 21 dan 15 ga, goʻdaklar oʻlimi 11 dan 8 ga kamaygan. Lekin bitta shunday holat ham jamiyatimiz uchun katta fojia.

Shu bois yigʻilishda onalar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha atigi 16 ta shifoxonada asoratli homiladorlikka ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatilmoqda. Shu bois 46 ta tuman va shahardagi tugʻruq majmualarida zarur sharoitlar yaratib, tumanlararo perinatal markaziga aylantirilishi qayd etildi.

Har bir poliklinikada tashkil etilgan 17 mingta tibbiy brigada uchun malakali doyalar tayyorlab, faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Bu yil Toshkent shahridagi 15 ta tugʻruqxonada chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini tekshirish boshlandi. Mutaxassislarni oʻqitib va maxsus uskunalar xarid qilib, kelgusi yildan barcha tugʻruqxonalarda joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kunda tugʻish yoshidagi ayollar sogʻligʻiga – Reproduktiv salomatlik markazi, homiladagi nuqsonlarni aniqlashga – Skrining markazi, farzand koʻrish jarayoniga – Akusherlik va ginekologiya markazi masʼul hisoblanadi.

Ularning hududiy filiallari bir-biri bilan bogʻliq holda ishlamagani sababli ayollar sarson boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur 3 ta muassasani birlashtirib, yangi markaz tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Bu yangi markaz innovatsion texnologiyalar asosida reproduktiv salomatlikning tibbiy-biologik muammolarini hal etish, tugʻma nogironlikning oldini olish boʻyicha genetik tadqiqotlar olib borish, bexatar onalikni taʼminlash kabi juda muhim vazifalarga ixtisoslashadi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari, shifokorlar, hokimlar soʻzga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi. Viloyat hokimlari onkologiya va gematologiya xizmatlarini rivojlantirish, onalik va bolalikni himoya qilish choralari boʻyicha hudud xalqiga murojaat qilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?