Oʻn milliondan ziyod koʻchatni danakdan koʻkartirgan shoir haqida eshitganmisiz?

Foto: Халқ сўзи
Buxoro davlat pedagogika instituti ( hozirgi BuxDU)da “Oybek domla bilan uchrashuv boʻlar ekan”, degan xabar tarqaladi. Kechga yaqin institut majlislar zali adabiyot ixlosmandlari bilan “liq” toʻladi. Uchrashuv juda qiziqarli oʻtayotgan pallada kutilmagan hol roʻy beradi. Chiroq oʻchadi.
— Juda noqulay ahvolda qoldik, — deya yozib qoldirgan shu tadbir ishtirokchisi, taniqli adib Neʼmat Aminov. — Shunda kechani boshqarayotgan kishi “Hozir soʻz bogʻbon shoirimiz Sharif Nurxonga” deb yubordi...
Qorongʻi zalda otaxon shoir to chiroq yongunga qadar chamasi 40 daqiqa davomida yoddan sheʼr aytdi. Olqish ustiga olqish yogʻildi .Shunda Oybek domla qoʻliga mikrofonni olib, “Yaxshi... Yaxshi... Daryo, daryo — deya keksa ijodkorga ehtirom koʻrsatdi.
Buni qarangki, oradan ancha vaqt oʻtib, Buxoroga shoir Uygʻun mehmon boʻlib kelganida ham xuddi shunga oʻxshash voqea roʻy bergan. Bu haqida shoir Toshpoʻlat Ahmad soʻzlab bergan edi. Buxoro tumanida oʻtkazilgan ijodiy uchrashuv chogʻida nogahon chiroq oʻchib qoladi. Shunda sahnaga Sharif Nurxon taklif etiladi. Shoir zim-ziyo zalda salkam bir soat davomida nafaqat oʻzining, balki Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Abdurahmon Jomiy sheʼr, gʻazallaridan yod aytib, toʻplanganlarni lol qoldiradi.
Xoʻsh, quvvai hofizasi shu qadar kuchli boʻlgan bu inson kim edi?
Sharif Nurxon 1901-yilda Buxoro shahri yaqinidagi Vahmkor qishlogʻida oddiy dehqon oilasida tugʻilgan. Shahardagi ishchi maktablardan birida oʻqigan. Sadriddin Ayniy suhbatini olgan. Pirovardida hozirjavob shoir boʻlib yetishgan. Manbalarda unga kamsuqum, sodda, xushmuomala kishi, deya taʼrif berilgan. Xotirasi juda kuchli boʻlgan. Sheʼr oʻqish uslubi bilan tinglovchilarni oʻziga ohanrabodek torta olgan. Taqdir taqozasi bilan Samarqandda ham oʻn besh yilcha umrguzaronlik qilgan.
Yana bir eʼtiborli jihati, u bolaligidan bogʻbonlikka mehr qoʻydi va butun umri davomida oʻn million tupdan ziyod mevali koʻchatni danagidan koʻkartirib, yurtdoshlariga tarqatdi. Buxoroyu Samarqandda bogʻlar barpo etdi. Koʻngil bogʻlarini sheʼrlari bilan yashnatgan bogʻbon shoir oʻrigu shaftoli, nok, olmayu behilar bilan el dasturxonini toʻkin qilmoqni ham oʻrniga qoʻygandi.
El-yurt nazariga tushgan bogʻbon shoir “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 1980-yilda vafot etdi. Hozir u yashagan xonadon chirogʻini farzandu nevaralari yoqib oʻtiribdi.
Shunday zukko insonning tirikligida kitobi chop etilmagani afsuslanarli, albatta. Vafotidan soʻng taniqli shoir Jamol Kamol va adib Neʼmat Aminov saʼy-harakatlari bilan ”Yaxshidan sharofat” deb nomlangan ilk sheʼriy toʻplami, keyinchalik esa shoir Toshpoʻlat Ahmad tartib bergan “Mendan salom ayting” kitobi dunyo yuzini koʻrdi. Taniqli ijodkorlar — Omon Muxtor, Toshpoʻlat Ahmad, Sadriddin Salim Buxoriy, Samandar Vohidov bogʻbon shoirga bagʻishlab sheʼrlar, xotiralar yozishgan.Charxi kajraftorni qarangki, bu ijodkorlar ham hozir oramizda yoʻq.
Muxtasar taʼrifimizga Sharif Nurxon qalamiga mansub sheʼrdagi ushbu misralar bilan nuqta qoʻymoqchimiz:
Agar oʻlsam tanim xoki nisor boʻlsin nihollarga,
Yurak bagʻrimdagi otash behi, olma, anor boʻlsin.
Hovuchimda danak olib oʻlay, koʻming, nihol unsin,
Sharifiyning mozori ham bihishti mevazor boʻlsin.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring