Oʻn kun avval qizi “Zulfiya” mukofotini olgan oilaning kenja farzandi “Qoʻqon olimpiadasi”da «Neksiya - 3» bilan taqdirlandi 

18:40 14 Mart 2021 Jamiyat
9087 0

Bahor Guliston shahridagi Gʻofurjon Sunnatov oilasiga qoʻshaloq quvonch keltirdi. Bundan oʻn kun oldin qizi, Toshkent davlat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Madina Sunnatova Prezidentimiz farmoniga binoan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi boʻlgan edi.

Bugun ayni mana shu qiz "Xalq soʻzi“ saytidagi Qoʻqon olimpiadasi yakuni haqidagi xabarni oʻqib, ukasi “Qoʻqon olimpiadasi”da oʻz guruhida birinchi oʻrinni egallab, “Neksiya-3” avtomobili bilan taqdirlanganini bilgach, ota- onasidan suyunchi oldi.

Gap shundaki, oilaning kenja farzandi, Toshkent shahridagi Al- Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 7- sinf oʻquvchisi Asilbek Sunnatov Qoʻqon davlat universiteti tashabbusi hamda “Qorakoʻl ziyo” nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda respublika umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida matematika fanidan oʻtkazilgan “Qoʻqon olimpiadasi” da oʻz guruhida birinchi oʻrinni egalladi. Unga shu universitetda grant asosida oʻqish imtiyozi bilan birga “Neksiya-3” mashinasi ham sovgʻa qilindi.

Maʼlumot uchun, Guliston shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Gʻofurjon Sunnatovning yana ikki farzandi ham talaba. Katta qizi Munisa Samarqand veterinariya- tibbiyot instituti talabasi, oʻgʻli Eldor Oliy bojxona instituti tinglovchisi. Turmush oʻrtogʻi Saodat Chilmirzayeva esa shahardagi 11- maktab oʻqituvchisi.

Ahmadali SHERNAZAROV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?