Oʻn yillik mehnat samarasi: ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilindi

11:35 14 May 2022 Jamiyat
491 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining bir qator seleksioner olimlari q.x.f.n. Yekaterina Lyan, q.x.f.d. Rustam Nizomov, Shermuhammad Aminov va Jamil Toʻrayevlarning oʻn yillik samarali mehnati natijasida ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilindi. Ushbu navga “Universal” nomi berildi.

Yangi nav oʻrtapishar boʻlib, oʻsuv davri 120-122 kunni tashkil etadi. Asosiy poyasining uzunligi issiqxonada 2,0-2,5 metr, ochiq maydonda 1,5-1,8 metrgacha yetadi, shoxlanishi va barglanishi esa oʻrtacha. Bargi oddiy, toʻq yashil, oʻrtacha burmali. Birinchi toʻpguli 8-9 bugʻinlarda joylashgan. Mevasi yassi yumaloqsimon, yuzasi silliq, qizil. Pomidor vazni 100-120 g, meva asosi kichik chuqurchali. Urugʻxonasi 4-5 ta. Degustatsion bahosi 4,9 balldan iborat.

Tarkibida quruq modda miqdori 4,8%, umumiy qand 4,2%, askorbin kislotasi 24,2%. Hosildorligi: issiqxonada 15-18 kg/m2; ochiq maydonda 38-42 t/ga ni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boshqa navlardan 15-20% yuqori degani.

Pomidorning “Universal” navini respublikada keng joriy etish, birlamchi urugʻchiligini oʻrnatilgan tartibda tashkil etish uchun nav xujjatlar rasmiylashtirilib, Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markaziga Davlat reyestiriga kiritish uchun va Intellektual mulk agentligiga patentlash uchun taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер