Oʻn ikkita tuman hokimi qatʼiy ogohlantirildi. Ular “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan

23:02 09 Noyabr 2021 Siyosat
2653 0

Arxiv surat

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yurak qon-tomir va endokrin kasalliklarning oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda asosiy masaladan tashqari yoshlar siyosati va “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Bir hafta oldin oʻtkazilgan selektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha barcha masalalar tuman darajasida birma-bir tushuntirib berilgan edi.

— Oxirgi 3-4 kunda boʻlib oʻtgan changli ob-havo sharoiti ham ushbu dastur qanchalik toʻgʻri ekanligini yaqqol koʻrsatib turibdi, — dedi Prezident.

Mutasaddilar loyihani amalga oshirishda qoʻshib yozish, raqamlarni boʻrttirib koʻrsatish, ishlarni pala-partish bajarishga yoʻl qoʻymaslik haqida qatʼiy ogohlantirildi.

Bugungi kunga qadar Qoraqalpogʻiston, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahri ishga faol kirishgani, lekin Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida daraxt ekish reja koʻrsatkichlaridan ancha ortda qolayotgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Tomdi, Doʻstlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, Gʻuzor, Kitob tumanlarida koʻchat ekish ishlari haligacha boshlanmagan. Ushbu tuman hokimlariga qatʼiy ogohlantirish beriladigan boʻldi.

Vazirlik, tarmoq, korxona rahbarlari oʻz rejalarini bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekani koʻrsatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?